“Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘oliblariga beriladigan mukofot pulidan daromad solig‘i ushlanmaydi. Bu masalada Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Soliq qo‘mitasiga murojaat qilib, tegishli xulosa olgan.
Tanlov va mukofot miqdori
Tanlov Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-apreldagi 264-son qaroriga asosan 2026-yildan boshlab har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. Unda 46 mingdan ortiq o‘qituvchi qatnashib, 208 nafar g‘olib aniqlandi.
Reklama
Har bir tuman (shahar) bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan g‘olibga vazir jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan 616 million so‘m — bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari miqdorida mukofot beriladi.
Soliq bo‘yicha tartib
Amaldagi tartibga ko‘ra tanlov va musobaqalarda g‘oliblik uchun beriladigan pul mukofotlari ayrim hollarda jismoniy shaxs daromadi sifatida qayd etilib, undan 12 foiz daromad solig‘i ushlanishi mumkin. 616 million so‘mlik mukofotdan 12 foiz soliq ushlanganda g‘olibning qo‘liga 542 million 80 ming so‘m tegishi mumkin edi.
Ammo Soliq kodeksining 369-moddasi birinchi qismi 1-bandiga asosan O‘zbekiston Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi qarori asosida beriladigan mukofotlar soliqqa tortilmaydi. Shu sababli g‘oliblarga 616 million so‘m to‘liq miqdorda to‘lanadi.
“Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘oliblari haqida avvalgi materialimizda batafsil yozgan edik.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring