Umumta'lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog va rahbar xodimlar “1-oktabr — O'qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan 1 mln 20 ming so'mgacha mukofot puli oladi.
Mukofot miqdorining belgilanishi
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 29-bandida umumta'lim muassasalari xodimlari, shu jumladan rahbar xodimlari 1-oktabr munosabati bilan Jamg'armaning mavjud mablag'lari hisobidan mehnatga haq to'lashning eng kam miqdorining 50 foizigacha miqdorida mukofotlanishi mumkinligi qayd etilgan edi.
Prezidentning 2025-yil mart oyidagi farmoni bilan mazkur qarorga o'zgartirish kiritildi va pedagog hamda rahbar xodimlarga beriladigan mukofot puli miqdori mehnatga haq to'lashning eng kam miqdorining 75 foizigacha etib belgilandi.
Hisoblash tartibi
- Mukofot miqdorini hisoblashda o'qituvchining oylik maoshi emas, mehnatga haq to'lashning eng kam miqdori asos qilinadi;
- Hozirda mehnatga haq to'lashning eng kam miqdori oyiga 1 mln 360 ming so'mni tashkil etadi;
- Shundan kelib chiqib, mukofotning eng yuqori miqdori 1 mln 20 ming so'mga teng.
Pedagoglar uchun boshqa imtiyozlar haqida pedagog maqomi va kafolatlari haqidagi materialimizni ham o'qishingiz mumkin.
















