O'rta maxsus ma'lumotli boshlang'ich sinf o'qituvchisidan sinf rahbarlikni olib qo'yish mumkinmi? Bu savol ko'plab pedagoglarni qiziqtiradi — ayniqsa, direktor buni ma'lumot darajasini ro'kach qilib qilmoqchi bo'lsa.
Bir o'qituvchining murojaati: "Boshlang'ich sinf o'qituvchisiman, ma'lumotim o'rta maxsus. Hozirda universitetda sirtqi ta'lim shaklida o'qiyapman, yaqinda diplom ham olaman. Direktorim o'rta maxsus ma'lumotli ekanligim uchun mendan sinfni olib qo'ymoqchi. Qonunlarda bu masalada nima deyilgan?"
Qonun nima deydi?
Reklama
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirining 2026-yil 13-yanvardagi 9-sonli buyrug'i bilan tasdiqlangan malaka tavsiflariga ko'ra, boshlang'ich sinf o'qituvchisi uchun kamida o'rta maxsus pedagogik ma'lumot yoki kamida bakalavr darajasidagi oliy ma'lumot yetarli.
Vazirning 2023-yil 27-iyundagi 190-sonli buyrug'i bilan tasdiqlangan sinf rahbarining lavozim yo'riqnomasida esa maktabda asosiy ishchi sifatida ishlayotgan, boshqaruvchilik qobiliyatiga ega hamda o'quvchilar bilan ishlashda mas'uliyat bilan yondasha oladigan xodimlarga sinf rahbarlik yuklatish mumkinligi nazarda tutilgan. Boshlang'ich sinflarda sinf rahbarligi boshlang'ich sinfga biriktiriladigan o'qituvchilarga yuklatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarori hamda "Umumta'lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro'yxatlarini shakllantirish tartibi to'g'risida"gi nizomda (ro'yxat raqami 3271) oliy ma'lumotli o'qituvchilar bilan ta'minlanguniga qadar o'rta maxsus ma'lumotga ega o'qituvchilar ta'lim muassasasida faoliyat yuritishi mumkinligi ko'rsatilgan.
Xulosa
Sinf rahbarlik yuklatilgan boshlang'ich sinf o'qituvchisidan uning o'rta maxsus ma'lumotga ega ekanligini ro'kach qilib sinf rahbarlikni olib qo'yish qonunchilikka zid hisoblanadi. Eslatib o'tamiz, vazirning 2025-yil 23-oktabrdagi 398-sonli buyrug'i bilan sinf rahbarlariga qo'yilgan oliy pedagogik ma'lumotga ega bo'lish talabi butunlay bekor qilingan edi.
Ma'lumot xalqtaliminfo.uz saytidan olindi. Avvalroq sinf rahbarligi qoidalari haqida yozgan edik. InfoEdu.uz o'qituvchilar huquqlari bo'yicha yangiliklarni yoritishda davom etadi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.