Dars ketayotgan payt o'quvchi telefonini chiqarib, o'qituvchini videoga olishga tushsa — bu maktab ichki tartibi bo'yicha qoidabuzarlik hisoblanadi. Darsni telefonga tasvirga olish Maktabgacha va maktab ta'limi vazirining 2023-yil 31-avgustdagi 282-son buyrug'i bilan tasdiqlangan “Umumiy o'rta ta'lim muassasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari”da to'g'ridan-to'g'ri taqiqlangan.
Tasvirga olishga qo'yilgan taqiq
Qoidalarning 15-bandida o'quvchilarga ta'lim muassasasida quyidagilar man etilgan: dars jarayonida quloqchin orqali uyali aloqa vositalari va turli audio qurilmalardan foydalanish, shuningdek, dars jarayonini uyali aloqa vositasi kamerasi orqali tasvirga olish.
Reklama
Taqiq faqat o'qituvchini emas, sinfdoshlarni ham qamrab oladi: dars paytida olingan videoda boshqa o'quvchilar ham tasvirga tushishi mumkin. Hujjatning 10-bandiga ko'ra, ishtirokchilar pedagog sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari shart.
Videoni tarqatish va obro' himoyasi
Olingan videoni ijtimoiy tarmoqqa joylash ham alohida taqiqlangan. 15-bandga ko'ra, qonun bilan taqiqlangan, milliy va umumbashariy qadriyatlarga xos bo'lmagan yoki ta'lim muassasasi faoliyatiga tegishli, shuningdek, maktab, o'qituvchi va o'quvchilar obro'sini tushirishga qaratilgan munosabatlar aks etgan audio va videomateriallarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish yoxud ulardan g'arazli maqsadlarda foydalanish mumkin emas.
Taqiq buzilganda ko'riladigan choralar
Hujjatning 9-bandida telefon bilan bog'liq holatlar uchun alohida tartib belgilangan. O'qituvchi ogohlantirishiga qaramay dars jarayonida telefondan foydalanish davom etsa, fan o'qituvchisi, sinf rahbari, direktor o'rinbosari va psixolog ishtirokida qurilma olib qo'yiladi, holat yuzasidan maktab direktori hamda o'quvchining ota-onasi ogohlantiriladi.
Telefon “Oila-mahalla-ta'lim muassasasi” hamkorligi Jamoat va Kuzatuv kengashlari ishtirokida muhokama qilinib, tushuntirishlar berilganidan so'ng ota-onaga qaytariladi. Bir o'quv yili davomida bu holat bir o'quvchida ikki va undan ortiq marta takrorlansa, ota-onalar ma'muriy javobgarlikka tortiladi, o'quvchi esa ichki ishlar organlarining profilaktik ro'yxatiga olinadi.
23-bandda o'quvchiga nisbatan qo'llanadigan choralar ham sanab o'tilgan: ota-onani og'zaki yoki yozma ogohlantirish, takroriy holatlarda o'quvchini muassasa ichki nazorat ro'yxatiga olish, inspektor-psixolog ishtirokida suhbat o'tkazish, zarur bo'lsa ota-onaning ish joyiga yoki mahalla fuqarolar yig'iniga ma'lumot yuborish. Qoidabuzarlik holatlari Kuzatuv kengashlarida ham muhokama qilib boriladi.
Qoidalarning asosi va tanishuv tartibi
Qoidalar har bir umumiy o'rta ta'lim maktabida “Oila-mahalla-ta'lim muassasasi” hamkorligi Jamoat va Kuzatuv kengashlari a'zolari bilan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi, ijrosi maktab rahbari zimmasida bo'ladi. O'quvchilar, ularning ota-onalari, pedagog va texnik xodimlar hujjat bilan tanishuv varaqasiga imzo chekib tanishtiriladi, talablar esa har yangi o'quv yili boshida sinf soatlari va ota-onalar majlislarida tushuntiriladi.
O'quvchilarga taqiqlangan harakatlarning to'liq ro'yxati haqida avvalroq yozgan edik, pedagoglarga qo'yiladigan talablar esa alohida maqolada yoritilgan.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring