Maktab maslahatchisi lavozimi uchun zaxira nomzod bo‘lib qolgan talabgorlar qayta suhbatdan o‘tkaziladi. Suhbat bosqichida 25,2 balldan yuqori ball to‘plagan, biroq vakant o‘rinlarga tavsiya etilmaganlar uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratilmoqda, deya xabar bermoqda “Kelajak” markazlari.
Suhbat qachon va qayerda o‘tadi?
Qayta suhbatlar 17–18-avgust kunlari hududiy “Kelajak” markazlarining doimiy suhbat komissiyalari tomonidan o‘tkaziladi. Suhbatda qatnashish uchun talabgorlar tegishli hududiy “Kelajak” markaziga murojaat qilishi kerak, shaxsni tasdiqlovchi hujjatni o‘zi bilan olib borish lozim.
Reklama
Eslatib o‘tamiz, tanlovning ikkinchi mavsumi doirasidagi yakuniy natijalar 23-iyul kuni e’lon qilingan edi.
Maktab maslahatchisi nima qiladi?
Maktab maslahatchisi o‘quvchilarning yetakchilik, tashabbuskorlik va jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan lavozim bo‘lib, quyidagi asosiy vazifalarni bajaradi:
- “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi mazmunini o‘quvchilar o‘rtasida keng targ‘ib qilish;
- “Kelajak” markazlarining tarmoq to‘garaklari faoliyatini tizimli tashkil etish;
- O‘quvchilarni tarixiy obidalar va milliy qadriyatlar bilan tanishtirish;
- Yetakchilik va jamoa ishi ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun loyihalar, klublar va debatlar tashkil etish;
- Madaniyat, san’at, kitobxonlik, sport va ekologik yo‘nalishlardagi loyihalarni yo‘lga qo‘yish;
- O‘quvchilarning maktabdan tashqari ta’lim muassasalariga jalb etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini yuritish.
Maktab maslahatchilari o‘quvchilar ta’lim-tarbiyasida asosiy mutaxassis bo‘lishi belgilangan. Shu sababli ularning oyliki direktor o‘rinbosarinikiga tenglashtirilgan. Avvalroq maktab maslahatchisi lavozimiga ariza topshirish tartibi haqida yozgan edik.
InfoEdu.uz orqali ta’limga oid eng muhim yangiliklarni muntazam kuzatib boring.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.