Texnikumlar bilan dual ta'limni yo'lga qo'ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta'minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi belgilab berildi. Hukumat qarori bilan tegishli nizom tasdiqlandi. Ushbu hujjat davlat texnikumlari bilan dual ta'lim yo'lga qo'ygan tashkilotlarni moliyaviy qo'llab-quvvatlash imkonini yaratadi.
Kimlar kredit olish huquqiga ega?
Dual ta'lim dasturi kredit olishni istagan tashkilot quyidagi shartlarni bir vaqtda bajarishi shart:
Reklama
- Texnikum bilan dual ta'limni yo'lga qo'ygan bo'lishi va bu bo'yicha amal qiluvchi shartnoma mavjudligi;
- Dual ta'lim doirasida o'quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilganligi;
- O'quvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislari "ustoz" sifatida biriktirilganligi;
- Dual ta'lim shaklida tahsil olayotgan o'quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilganligi va ish haqi to'lanayotganligi;
- Joriy yilda texnikum bitiruvchisi tashkilotdagi vakant ish o'rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilinganligi.
Ko'rinib turibdiki, asosiy e'tibor nafaqat o'quv jarayonini dual shaklda tashkil qilishga, balki bitiruvchilarning real ish topishiga qaratilgan. Aynan shu shart kredit olishning asosiy mezoni hisoblanadi.
O'quvchilar uchun foydasi qanday?
Ushbu tartib tashkilotlarga kredit berish orqali dual ta'lim ishtirokchilariga ham ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Tashkilot o'z o'quvchilariga haqiqiy ish o'rinlari, ishlab chiqarish amaliyoti va malakali ustozlarni taqdim etadi. O'quvchi nazariy bilim bilan birga amaliy ko'nikmalarni real ish muhitida o'zlashtiradi. Shu bois dual ta'lim bitiruvchilari ish bozori uchun tayyor bo'lib yetishadi.
Bunday tizim haqida batafsil ma'lumotga ishdan ajralmagan holda o'qish imkoniyati maqolasida ham murojaat qilishingiz mumkin.
Kredit olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
Dual ta'lim dasturi doirasida kredit olish uchun tashkilotlar tijorat banklariga qog'oz shaklida quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- Kreditni olish to'g'risidagi ariza;
- Ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda bo'lgan tasdiqlovchi hujjatlari;
- Texnikum va tashkilot hamda tashkilot va o'quvchi o'rtasidagi dual ta'lim bo'yicha shartnoma nusxalari;
- Dual ta'lim dasturi va dual ta'limda tahsil olayotgan o'quvchilar ro'yxati;
- Tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
- Tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi to'g'risida ma'lumot.
Kredit qanday ajratiladi
Tashkilot taqdim etgan barcha hujjatlar kreditga layoqatlilik ko'rsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, tijorat banki atigi 3 ish kuni ichida qaror qabul qiladi. Bank ushbu muddatda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi va kreditni tashkilotning hisobvarag'iga o'tkazadi.














Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.