Dual ta’lim bitiruvchisi kamida 2 yil shu korxonada ishlab beradi

Dual ta’lim talabasi o‘qish davomida oylik oladi, bitirgach esa uni majburiy ish kutib turadi. Yangi farmon shartlari va cheklovlarini maqoladan bilib oling.

•3 daqiqa mutolaa•61 marta ko'rildi
Dual ta’lim bitiruvchisi kamida 2 yil shu korxonada ishlab beradi

Oliy ta’limda dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlashning yangi tartibi belgilandi. Prezidentning “Oliy ta’limda dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2026-yil 29-sentyabrdagi PF–209-son Farmoni qabul qilindi. Bu haqda vazirlikning rasmiy kanali xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlarida ish beruvchilar buyurtmasi asosida, bitiruvchini ishga qabul qilish sharti bilan dual ta’lim joriy etiladi.

Yangi tartibning amaliy mohiyati shunda: talaba o‘qish davomida korxonadan oylik ish haqi oladi, bitirgach esa kamida 2 yil shu korxona yoki uning tizimidagi tashkilotda ishlab beradi. Ya’ni bu shakl talaba uchun imtiyoz bilan birga aniq majburiyat ham keltiradi.

Farmon belgilagan qabul tartibi

Tizim “korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tamoyili asosida ishlaydi. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va qabul parametrlari oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan har yili 1-sentyabrgacha belgilanadi.

Nomzodlar ish beruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan tanlov asosida saralanadi. Korxona yo‘llanmasiga ega nomzodlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri imtihonsiz, buyurtma asosidagilar esa saralash imtihoni natijasiga ko‘ra qabul qilinadi. Uch tomon — oliy ta’lim tashkiloti, ish beruvchi va talaba o‘rtasida shartnoma tuziladi.

Oliy ta’lim bilan integratsiyalashgan o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlarini tamomlagan texnikum bitiruvchilariga dual ta’lim shaklida mos bakalavriat yo‘nalishlarining 2 yoki 3-kursidan o‘qishni davom ettirishga ruxsat beriladi. Ya’ni kasb egallab, keyin oliygohda davom etish uchun alohida yo‘l ochiladi.

O‘qish davomida to‘lov va o‘quv nisbati

Talabaga o‘qish davri davomida korxonaning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan oylik ish haqi to‘lanadi. O‘quv jarayonining kamida 30 foizi nazariy ta’limga ajratiladi, qolgan qismi amaliy tayyorgarlik asosida tashkil etiladi.

Amaliy mashg‘ulotlar va talabalarning ishtiroki CareerEdu platformasi orqali monitoring qilib boriladi. Bu korxonaga talabaning amaliyotini kuzatish, oliygohga esa o‘quv jarayonini nazorat qilish imkonini beradi.

Bitiruvchi oldidagi majburiyat

Bitirgandan so‘ng talaba kamida 2 yil mazkur korxona yoki uning tizimidagi tashkilotda ishlab berish majburiyatini oladi. Shartnoma shu talab asosida tuzilgani uchun ish joyi masalasi o‘qish davridayoq hal bo‘ladi.

Talabalar o‘qishini dual ta’lim shaklidan ta’limning boshqa shakllariga ko‘chirishga ruxsat berilmaydi. Faqat korxona bilan tuzilgan shartnoma mavjud bo‘lgan taqdirda o‘zgartirishga yo‘l qo‘yiladi.

Buyurtma berish huquqi

Davlat va davlat ulushi bo‘lgan korxonalarga ham dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotlariga buyurtma berish va xarajatlarni byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qoplashga ruxsat beriladi.

Avvalroq Prezidentning uchrashuvida “korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tizimi kelasi yildan 75 ta oliy ta’lim muassasasida, 2028-yildan esa barcha oliygohlarda amal qilishi ma’lum qilingandi. Yangi farmon o‘sha tizimning shartlarini aniq belgilab berdi.

Nomzodlar ish beruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan tanlov asosida saralanadi. Korxona yo‘llanmasi bo‘lgan nomzod imtihonsiz, buyurtma asosidagi nomzod esa saralash imtihoni natijasiga ko‘ra qabul qilinadi.
Talabaga o‘qish davri davomida korxonaning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan oylik ish haqi to‘lanadi. O‘quv jarayonining kamida 30 foizi nazariy ta’limga ajratiladi.
Bitiruvchi kamida 2 yil o‘zi o‘qigan korxona yoki uning tizimidagi tashkilotda ishlab berishi shart. Shartnoma shu talab asosida tuziladi.

Reklama

Umidjon EsirgapovU
MAQOLA MUALLIFI
Umidjon Esirgapov
Infoedu.uz asoschisi marketing va ta’lim sohasida 5 yillik tajribaga ega ekspert.

O'xshash maqolalar

Eng ko'p o'qilganlar