Toshkent shahrida Xitoy standartlari asosida ko‘p tarmoqli xalqaro texnikum tashkil etish taklif qilinmoqda. Tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi muhokamalar portali.
Texnikum qayerda tashkil etiladi?
Loyihaga ko‘ra, Toshkent shahri Bektemir tumanida joylashgan Respublika televideniye va radio texnikumi negizida Xitoyning China Oriental Education Holdings Limited kompaniyasi bilan hamkorlikda Xitoy xalqaro texnikumi tashkil etiladi. Faoliyatni yo‘lga qo‘yish uchun Xitoy kompaniyasi 5,1 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etadi.
Reklama
Texnikum nodavlat kasbiy ta’lim tashkiloti sifatida faoliyat yuritadi. Muassislar etib Xitoy kompaniyasi hamda Kasbiy ta’lim agentligini belgilash taklif etilmoqda. Kadrlar kunduzgi, kechki va dual ta’lim shakllarida, to‘lov-kontrakt asosida tayyorlanadi.
Ta’lim jarayoni qanday bo‘ladi?
Texnikumda zamonaviy fanlar va innovatsion texnologiyalar o‘quv dasturlariga joriy etiladi, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalaniladi. Mahalliy va xorijiy malakali pedagoglar jalb qilinadi, mahalliy pedagoglarning Xitoyda malaka oshirishi tashkil etiladi, xorijiy ta’lim dasturlari joriy etiladi.
Shuningdek, ishsiz va band bo‘lmagan, kasb o‘rganish istagidagi yoshlar hamda ish beruvchilar buyurtmasi asosida qisqa muddatli kasb kurslarini tashkil etish, xorijiy, xitoy va ingliz tillarini o‘qitish ko‘zda tutilgan.
Kadrlar qayerda ishlaydi?
Qaror loyihasida texnikumda Xitoyning BYD, Chery, JAC kabi yirik avtomobilsozlik korxonalarining buyurtmasi asosida o‘rta bo‘g‘in kadrlari tayyorlanishi nazarda tutilgan. O‘quvchilar mazkur korxonalarda amaliyot o‘tadi. Bitiruvchilarga xorijda tan olinadigan sertifikatlar berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Texnikum ta’lim dasturlarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishi hamda nodavlat ta’lim xizmatlari uchun litsenziya olishi kerak bo‘ladi. Bitiruvchilarga O‘zbekistonda tan olinadigan kasbiy ta’lim diplomi, qisqa muddatli kurslarni tamomlaganlarga tegishli sertifikat beriladi.
Avvalroq Termizda Yaponiya ta’lim klasteri tashkil etilishi haqida yozgan edik. InfoEdu.uz orqali ta’limga oid eng muhim yangiliklarni muntazam kuzatib boring.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.