Surxondaryo viloyati Termiz shahrida Yaponiya ta’lim dasturlari asosida xalqaro xususiy ta’lim klasteri tashkil etiladi. Loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi muhokamalar portali.
Klaster tarkibiga nimalar kiradi?
Termiz shahri, Shodlik MFY, Taraqqiyot ko‘chasi, 20-g uyda joylashgan binoda bosqichma-bosqich quyidagi muassasalar tashkil etiladi:
Reklama
- Xalqaro xususiy maktab;
- Kaydzen konsepsiyasi asosida texnikum;
- Yangi texnologiyalar universiteti;
- Yaponiya madaniy va biznes markazi.
Qachon boshlanadi?
2026/2027-o‘quv yilidan Surxon sanoat qurilish kompaniyasi, Yaponiyaning Alpha Japanese language institute tashkiloti va O‘zbekiston-Yaponiya markazi bilan hamkorlikda xalqaro xususiy maktab va Termiz xalqaro texnikumi ish boshlaydi.
2027/2028-o‘quv yiliga qadar esa Yaponiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bilan hamkorlikda Yangi texnologiyalar universiteti tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Bitiruvchilarga qanday hujjat beriladi?
Klaster tarkibidagi ta’lim muassasalari nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun belgilangan tartibda litsenziya olgan holda faoliyat yuritadi. O‘quv dasturlari tegishli vazirliklar bilan kelishiladi, ta’lim jarayoniga mahalliy va xorijiy malakali pedagoglar hamda ekspertlar jalb qilinadi.
Bitiruvchilarga O‘zbekistonda tan olinadigan davlat namunasidagi diplom va tegishli sertifikatlar berilishi belgilangan. Avvalroq Toshkentda O‘zbekiston va Yaponiya qo‘shma universitetiga asos solingani haqida yozgan edik.
InfoEdu.uz orqali ta’limga oid eng muhim yangiliklarni muntazam kuzatib boring.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.