O‘qituvchilarning farzandlari kontraktiga 30 foiz chegirma beriladigan bo‘ldi — loyiha muhokamada

O‘qituvchilarning farzandlari davlat OTMlarida o‘qishsa, kontrakt summasiga 30 foiz chegirma olishlari mumkin. Qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi — ariza kontrakt.edu.uz orqali beriladi.

6
O‘qituvchilarning farzandlari kontraktiga 30 foiz chegirma beriladigan bo‘ldi — loyiha muhokamada

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qishga kirgan pedagoglarning farzandlari to‘lov-kontrakt summasiga 30 foiz miqdorida chegirma olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, asosiy faoliyati pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi ota yoki onaning farzandi bo‘lgan talabalar ushbu imtiyozdan foydalanishi mumkin. Chegirma faqat bazaviy to‘lov-kontrakt asosida bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shakliga tavsiya etilgan abituriyent yoki tahsil olayotgan talabalarga nisbatan qo‘llaniladi.

Oshirilgan hamda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt uchun bu imtiyoz amal qilmaydi. Shuningdek, xorijiy hamkor oliy ta’lim tashkilotlarining qo‘shma ta’lim dasturlari asosida ta’lim olayotgan talabalar ham chegirma olish huquqiga ega emas.

Chegirma olish uchun qanday murojaat qilish kerak?

Talabgorlar mustaqil ravishda o‘zlari ta’lim oladigan oliy ta’lim tashkilotining rektori (filial direktori) nomiga ariza yuborishi lozim. Buning uchun “Talabalarga shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish axborot tizimi” (kontrakt.edu.uz) orqali murojaat qilinadi.

Chegirma tegishli o‘quv yili uchun bir marotaba qo‘llaniladi va talabaning bir yillik to‘lov-kontrakt summasiga nisbatan hisoblanadi.

Muhim jihatlardan biri — talabgorning otasi yoki onasi pedagog toifasidan chiqarilgan taqdirda, keyingi o‘quv yilidan boshlab unga chegirma qo‘llash to‘xtatiladi.

Moliyalashtirish qanday amalga oshiriladi?

Chegirma bilan bog‘liq xarajatlar 2026-yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi. 2027-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

Chegirmalarning to‘g‘ri belgilanishini doimiy nazorat qilish davlat oliy ta’lim tashkiloti rektori (filial direktori), mas’ul bo‘linma boshlig‘i, bosh buxgalteri va bosh auditori zimmasiga yuklanadi. Agar chegirma noto‘g‘ri qo‘llangan bo‘lsa, mablag‘larni qaytarish choralari ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 15-sentyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘qituvchi va murabbiylar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma berilishi haqida aytilgan edi. Hozirda ushbu tashabbusning huquqiy asosi — Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi regulation.adliya.uz portali orqali muhokamaga qo‘yilgan. Barcha manfaatdor shaxslar o‘z taklif va mulohazalarini bildirishlari mumkin.

Reklama

Izohlar (0)

Izoh yozish uchun tizimga kiring.

O'xshash maqolalar

Eng ko'p o'qilganlar