O'zbekistonlik malakali mutaxassislarga xorijiy bozorda talab kuchaymoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev Migratsiya agentligi faoliyati yuzasidan o'tkazilgan yig'ilishda bugungi kunda xorijdan til va kasb talablariga javob beradigan 100 mingdan ortiq malakali mutaxassisga buyurtmalar kelib tushganini ma'lum qildi.
Qaysi davlatlar qanday mutaxassislarni izlamoqda?
Xorijiy mehnat bozorida o'zbekistonlik mutaxassislarga bo'lgan talab ancha yuqori:
- Germaniya - 40 ming hamshira
- Yaponiya - 15 ming qurilish, logistika va servis sohalari mutaxassislari
- Yevropa va Sharqiy Osiyoning rivojlangan davlatlarida malakali ishchi kuchiga ehtiyoj yildan yilga ortib bormoqda
"Kasb + til" tamoyili asosidagi qo'shma ta'lim loyihalari
Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda tashkil etilgan 12 ta "Kasb + til" tamoyili asosidagi qo'shma ta'lim loyihalarida hozirda 8,5 ming fuqaro o'qimoqda. Ularning 3 ming bitiruvchisi allaqachon ishga joylashdi.
Endilikda bunday loyihalar sonini 20 taga yetkazish, talab yuqori bo'lgan zamonaviy kasb va xorijiy tillarga o'qitish ko'lamini 50 foizga kengaytirib, qamrovni 10 ming nafardan oshirish rejalashtirilgan.
Maxsus tayyorlash markazlari va moliyaviy yordam
Toshkent shahrida 12 ta talab yuqori kasb, 7 ta chet tiliga o'qitish, 6 ta sertifikat imtihonini o'tkazish uchun sharoitlar hamda 600 o'rinli o'quv kampusini o'z ichiga olgan maqsadli tayyorlash markazini tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Andijon, Samarqand, Farg'ona va Toshkent shahridagi tibbiyot texnikumlarida hamshiralarni til va kasbiy ko'nikmalar bo'yicha xalqaro imtihonlarga tayyorlaydigan maxsus o'quv kurslari tashkil etiladi.
Muhim yangilik: chet tilini o'rganish xarajatlarining 50 foizini, kasbiy malaka imtihoni xarajatlarini esa to'liq qoplab berish tartibi joriy etiladi. Mablag'lar o'quv markazlariga emas, fuqarolarning o'ziga beriladi.
Mavsumiy ish yo'nalishlari va yangi hamkorliklar
Agrar va turizm sektorlarida imzolangan 12 ta yangi xalqaro bitim asosida AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Turkiya va Koreya kabi davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilgan.
"Xorijda ish" migratsiya platformasini yanada takomillashtirish, unga sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali ish beruvchilar va aholi uchun yengillik hamda qulaylik yaratish masalasiga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Migratsiya agentligi faoliyati faqat tashqi mehnat migratsiyasi bilan cheklanib qolmasdan, ichki mehnat bozorini sifatli kadrlar bilan ta'minlashga ham xizmat qilishi lozimligini ta'kidladi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.