OTM va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash jarayoni boshlandi
Oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar uchun muhim palla boshlandi. 2024-yil 27-iyuldan 10-avgustga qadar 15 kun davomida abituriyentlar o‘zlari istagan oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlashlari lozim.
Qanday qilib OTM va yo‘nalish tanlash mumkin?
Tanlov jarayoni to‘liq onlayn tarzda, my.uzbmb.uz platformasi orqali amalga oshiriladi. Buning uchun quyidagi qadamlarni bajaring:
- Platformaning “Oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul” bo‘limiga kiring;
- “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosing va “OTM tanlash” bo‘limini tanlang;
- “Tanlov ustuvorligi” va “Maqsadli qabul” parametrlarini belgilang;
- Test topshirilgan fanlar majmuasi va ta’lim tiliga mos keladigan beshtagacha yo‘nalishni tanlang.
Muhim ma’lumotlar
Ta’lim yo‘nalishlarini tanlashda quyidagilarga e’tibor bering:
- Yo‘nalishlarni bir yoki turli OTMlar doirasida tanlash imkoniyati mavjud.
- Tanlovni tasdiqlash uchun telefon raqamingizga kelgan SMS kodni kiritishingiz shart.
- Tanlov yakunlanguncha ma’lumotlarni o‘zgartirish va qayd varaqasini qayta yuklab olish mumkin.
Abituriyentlar o‘z tanlovlarini amalga oshirishdan avval kirish ballari yo‘nalishlar kesimida hamda oliygohlar kirish ballari bilan tanishib chiqishlari tavsiya etiladi. Bu sizga to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi.
Natijalar ta’lim yo‘nalishlarini tanlash to‘liq yakunlangandan so‘ng bir hafta muddatda e’lon qilinadi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.