Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida (TATU) 2026/2027-o‘quv yili uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt (super-kontrakt) miqdorlari tasdiqlandi.
To‘lov miqdori abituriyentning kirish imtihonida to‘plagan bali hamda tanlangan ta’lim yo‘nalishiga qarab belgilanadi. Kunduzgi va masofaviy ta’lim shakllari bo‘yicha super-kontrakt miqdorlari alohida jadvallarda keltirilgan.

Reklama


Kunduzgi ta’limda super-kontrakt
Kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlari yo‘nalishga qarab 12 100 000 dan 16 500 000 so‘mgachani tashkil etadi. Eng yuqori kontrakt iqtisodiyot, menejment, biznes boshqarish va marketing yo‘nalishlarida.
Bundan tashqari, kunduzgi shakl uchun tabaqalashtirilgan (super-kontrakt) miqdorlar balga qarab 1,5 baravardan 3 baravargacha o‘sib boradi. Masalan, iqtisodiyot yo‘nalishida 1,5 baravar 24 750 000 so‘m, 3 baravar esa 49 500 000 so‘mni tashkil etadi. Amaliy matematika va axborot sohalarida 1,5 baravar 18 150 000 so‘mdan boshlanadi.
Masofaviy ta’limda super-kontrakt
Masofaviy ta’lim shaklida bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlari 15 400 000 dan 19 800 000 so‘mgachani tashkil etadi. Iqtisodiyot, menejment, biznes boshqarish va marketing yo‘nalishlarida kontrakt 19 800 000 so‘m, axborot va kompyuter sohalarida esa 15 400 000 so‘m etib belgilangan.
Masofaviy shakl uchun ham tabaqalashtirilgan miqdorlar balga qarab o‘sadi: iqtisodiyot yo‘nalishida 1,5 baravar 29 700 000 so‘m, 3 baravar 59 400 000 so‘m. Axborot tizimlari va texnologiyalari yo‘nalishida 1,5 baravar 23 100 000 so‘m, 3 baravar 46 200 000 so‘m.
Super-kontrakt hisoblash tartibi
To‘lov-kontrakt doirasida qabul parametrlari chegarasiga 4,01 balldan ortig‘i bilan yetmagan, 56,7 balldan kam bo‘lmagan holda qo‘shimcha ravishda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlarning birinchi o‘quv yili uchun amalda o‘rnatilgan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlariga nisbatan tabaqalashtirilgan qiymat hisoblab chiqiladi.
Ya’ni, abituriyent to‘plagan bali qabul chegarasiga qanchalik yaqin bo‘lsa, super-kontrakt shuncha past (1,5 baravar), chegaradan uzoqroq bo‘lsa, shuncha yuqori (3 baravar) bo‘ladi. Bu tizim ball yetmagan, ammo o‘qishni davom ettirmoqchi bo‘lganlar uchun imkoniyat yaratadi. OTMlar super-kontrakt narxlarini e’lon qilishi haqida avvalroq OTMlar super-kontrakt narxlarini e’lon qilayotgani haqida xabar berilgan edi. Biz oliygohlarning qabul narxlari bo‘yicha yangiliklarni kuzatib, tahliliy yoritib boramiz.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.