Maktab sumkasi tanlash bolaning sog'lig'iga bevosita ta'sir qiladi. Respublika bolalar ortopediya markazi direktori Akbar Tilyakovning fikricha, noto'g'ri tanlangan va foydalanilgan ryukzaklar kelgusida skolioz kabi kasalliklarning rivojlanish xavfini oshirishi mumkin.
Mutaxassis buning oldini olish uchun 7 ta muhim jihatga e'tibor qaratish lozimligini ta'kidlagan.
Sumka tanlashda 7 ta qoida
Reklama
- Maktab sumkasi bolaning orqa qismiga qulay joylashadigan o'lchamda bo'lishi, tasmalari yelkaga botmaydigan, keng va yumshoq yostiqchali qoplamalar bilan ta'minlangan bo'lishi lozim;
- Sumka matosi suv o'tkazmaydigan, orqa astari esa yupqa bo'lmasligi kerak — aks holda ichidagi qattiq buyumlar, kitob jildlarining burchaklari kuraklar va bel sohasida og'riq hamda jarohatlar keltirib chiqarishi mumkin;
- Ryukzakni ikki yelkaga baravar osish tavsiya etiladi — bu og'irlikning tana bo'ylab muvozanatli taqsimlanishiga xizmat qiladi va umurtqa pog'onasi egriligi bilan bog'liq patologiyalardan asraydi;
- Maktab sumkasi beldan pastga tushmagan holatda, lekin undan 5 santimetrdan kam bo'lmagan uzunlikda taqib yurilishi maqsadga muvofiq;
- Ryukzakning umumiy og'irligi bola vaznining 10-15 foizidan oshmasligi kerak — bu me'yor kichik yoshdagi o'quvchilar uchun taxminan 3-5 kilogramm, o'rta sinfdagilar uchun 6-8 kilogrammga teng;
- Sumkaga o'quv qurollarini joylashtirish ham muhim — og'ir narsalar ryukzak o'rtasiga, yengillari har ikki tomoniga muvozanatli solinishi ma'qul;
- Katta hajmdagi, og'ir va noqulay ryukzaklar bolalarning zina va yo'laklarda yiqilish xavfini oshiradi.
Eslatib o'tamiz, maktabga tayyorgarlik ko'rayotgan ota-onalar uchun 1-sinf o'quvchilariga Prezident sovg'alari haqidagi ma'lumot ham foydali bo'ladi. InfoEdu.uz o'quvchilar salomatligi va ta'limga oid maslahatlarni yoritishda davom etadi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.