Harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega abituriyentlar uchun bu yil respublika bo‘yicha jami 10 280 ta qo‘shimcha kvotalar kvota ajratildi. Ushbu imtiyoz abituriyentga qo‘shimcha ball bermaydi, balki uni alohida kvota doirasidagi tanlovda ishtirok etish huquqi bilan ta‘minlaydi. Eng muhimi, imtiyoz faqat birinchi tanlangan ta‘lim yo‘nalishida amal qiladi.
Kvotalarning ta‘lim shakllari bo‘yicha taqsimlanishi
10 280 ta qo‘shimcha kvota ta‘lim shakllari bo‘yicha quyidagicha taqsimlangan:
Reklama
| Ta‘lim shakli | Jami kvota | Grant | Kontrakt |
|---|---|---|---|
| Kunduzgi | 7 793 | 1 828 | 5 965 |
| Kechki | 1 447 | — | 1 447 |
| Masofaviy | 1 040 | — | 1 040 |
Ko‘rinib turganidek, kunduzgi ta‘lim shaklida 1 828 ta davlat granti o‘rni ajratilgan bo‘lsa, kechki va masofaviy ta‘lim shakllaridagi barcha kvotalar faqat to‘lov-kontrakt asosida.
Imtiyoz qanday ishlaydi: OTM kesimida taqsimlash
Muhim tushuncha: qo‘shimcha kvotalar aniq bir ta‘lim yo‘nalishi uchun emas, balki OTM kesimida ajratilgan. Ya‘ni, abituriyentlar tanlagan yo‘nalishidan qat‘i nazar, OTM ichida tavsiyanomaga ega eng yuqori ball to‘plaganlar tanlanadi.
Misol: Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida harbiy tavsiyanomaga ega abituriyentlar uchun kunduzgi ta‘limda 47 ta qo‘shimcha kvota ajratilgan (11 ta grant, 36 ta kontrakt). Mazkur OTMga 300 nafar harbiy tavsiyanomali abituriyent hujjat topshirgan. Ular orasida tarix, filologiya, falsafa kabi turli yo‘nalishlarni tanlagan abituriyentlar bor.
Natijada, eng yuqori ball to‘plagan 47 nafar abituriyent o‘z tanlagan birinchi yo‘nalishiga grant yoki kontrakt asosida qabul qilinadi. Qolgan 253 nafar abituriyent esa umumiy tanlovda imtiyozsiz ishtirok etadi. Agar ularning balli yetsa, ular ham kontrakt yoki grant asosida qabul qilinishi mumkin.
Tavsiyanoma qo‘shimcha ball bermaydi
Ko‘pchilik adashadigan jihat: harbiy tavsiyanoma qo‘shimcha ball bermaydi. Imtiyoz faqat abituriyentni qo‘shimcha kvotada qatnashish huquqi bilan ta‘minlaydi. Tanlov natijasiga esa faqat to‘plangan ball asosida qaraladi.
Imtiyozdan foydalanish uchun abituriyent qabul komissiyasi tomonidan belgilanadigan minimal balldan yuqori ball to‘plagan bo‘lishi kerak. Agar abituriyent bu balldan kam to‘plasa, imtiyoz bekor qilinadi va tavsiyanoma hisobga olinmaydi.
Shuningdek, bu imtiyoz faqat birinchi tanlangan yo‘nalish bo‘yicha foydalanish uchun amal qiladi. Ikkinchi va undan keyingi yo‘nalishlarga esa ushbu imtiyoz tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, harbiy tavsiyanomali abituriyentlar boshqa imtiyoz egalari kabi qabulning barcha bosqichlarida ishtirok etishi va belgilangan muddatlarda o‘z yo‘nalishlarini tanlashi lozim. Kvotalar doirasidagi qabul natijalari abituriyentlarning shaxsiy kabinetlarida aks ettiriladi.
Eslatib o‘tamiz, harbiy tavsiyanoma imtiyozi asosiy tanlovda ishtirok etish huquqini cheklamaydi va abituriyent bir vaqtning o‘zida umumiy asosda ham tanlovda qatnashishi mumkin.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.