Vatan tayanchi otryadi a'zolari hamda ayrim harbiy-vatanparvarlik musobaqalari g'oliblariga oliygohga kirishda 5 foiz miqdorida qo'shimcha ball berilishi belgilandi. Adliya vazirligi tavsiyanomalar berish tartibini nazarda tutuvchi idoraviy hujjatni davlat ro'yxatidan o'tkazganini e'lon qildi. InfoEdu.uz kuzatuviga ko'ra, bu imtiyoz harbiy va yuridik yo'nalishlarga topshirishni rejalashtirgan maktab bitiruvchilari uchun jiddiy ustunlik degani.
Tavsiyanoma to'rt toifadagi yoshlarga beriladi
Hujjatga ko'ra, tavsiyanomalar Mudofaa vazirligi huzuridagi Vatan tayanchi bolalar va o'smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati tomonidan quyidagilarga beriladi:
Reklama
- Vatan tayanchi harakatida faol qatnashib, maktab, Prezident maktabi, ijod maktabi, sport maktabi, ixtisoslashtirilgan maktab, maktab-internat, akademik litsey yoki texnikumni a'lo baholarga tamomlagan otryadning 1 nafar a'zosi;
- Jasorat maktabini a'lo baholar bilan tamomlagan har bir Vatan tayanchi otryadining 1 nafar a'zosi;
- Vatanparvarlar harbiy-sport musobaqasining respublika bosqichida 1-o'rinni egallagan jamoa a'zolari;
- Mahalla yoshlari o'rtasida o'tadigan Shijoat va g'ayrat musobaqasining respublika bosqichida 1-o'rinni olgan jamoa a'zolari.
Qo'shimcha ball 3 yil davomida amal qiladi
Tavsiyanomaga ega bo'lganlarga oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta'lim muassasalari hamda yuridik ta'lim muassasalariga kirishda imtiyoz beriladi. Test sinovlari yoki yakka tartibdagi yakuniy suhbatda to'plangan ballarning 5 foizi miqdorida qo'shimcha ball qo'shib beriladi. Tavsiyanoma 3 yil davomida amal qiladi. Eslatib o'tamiz, Vatan tayanchi a'zolari uchun imtiyoz joriy etilgani haqida avval xabar berilgan edi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.