Nashriyotimizga xat orqali olis hududdagi maktabda ishlaydigan o'qituvchidan savol keldi. Uning maktabida ona tili va adabiyot fanidan 4 nafar ustoz dars beradi: birida 1-toifa, birida 2-toifa, yana birida faqat milliy sertifikat bor. Savol muallifining o'zida esa ham milliy sertifikat (B+), ham 2-toifa mavjud. Shu holatda dars soatlari qanday taqsimlanadi?
3271-son nizomning 15-bandi talabi
Dars soatlari maktabning qaysi hududda joylashganiga qarab emas, o'qituvchining kasbiy ko'rsatkichlari asosida taqsimlanadi. Tartib O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 30-iyunda 3271-son bilan ro'yxatdan o'tkazilgan “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro’yxatlarini shakllantirish tartibi to’g’risida”gi nizomning 15-bandi bilan belgilangan.
Reklama
Nizomga ko'ra, taqsimotda o'qituvchining malaka toifasi va dars beradigan fani bo'yicha sertifikati kabi kasbiy ko'rsatkichlari ustuvor ketma-ketlikda hisobga olinadi. Maktabning olis hududda yoki shaharda joylashgani bu ketma-ketlikni o'zgartirmaydi. Dars soatlari setkasi umumta'lim muassasasining pedagogik kengashida ko'rib chiqiladi va har yili 15-sentabrgacha ustuvorlik ketma-ketligi asosida taqsimlanadi.
Sertifikat va toifa ketma-ketligi
Ustuvorlik ro'yxatida o'qituvchilar quyidagi tartibda joylashadi:
- Oliy malaka toifasiga ega o'qituvchilar;
- Dars beradigan fanidan milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega o'qituvchilar;
- Birinchi malaka toifasiga ega o'qituvchilar;
- Ikkinchi malaka toifasiga ega o'qituvchilar.
Shu tartib savoldagi holatni ham hal qiladi: fan bo'yicha milliy sertifikatga ega o'qituvchilar 1 va 2-toifali hamkasblaridan yuqori pog'onada turadi. Savol muallifida uchragan ikkala ko'rsatkich — B+ sertifikati va 2-toifa — bir xil darajada emas, sertifikat yuqoriroq pog'onada turgani uchun navbat aynan shu ko'rsatkich bo'yicha aniqlanadi.
Ikki sertifikat sohibi o'rtasidagi tartib esa sertifikat darajasi va amal qilish muddatiga qarab belgilanadi. Ya'ni hudud maqomi emas, toifa va sertifikat dars soatlarini kim ko'proq olishini hal qiladi.
Ustuvorlik ro'yxatining to'liq tarkibi va dars soatlarini taqsimlash tartibi dars soatlari taqsimoti haqidagi maqolamizda batafsil keltirilgan.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring