Toshkent viloyati Bo'stonliq tumanidagi tog'li hududda joylashgan maktab tadbirkor Valijon Solihov ko'magida qayta qurilib, zamonaviy ta'lim maskaniga aylantirildi. Buning uchun 2,5 milliard so'm mablag' sarflangan. Bu haqda “O'zbekiston24” telekanalining “Yangi dunyoqarash” dasturida xabar berildi.
Maktabdagi avvalgi holat
Maktab o'qituvchilaridan birining so'zlariga ko'ra, ta'lim muassasasida sharoit yetarli bo'lmagan: qishda tomdan suv o'tgan, xonalar sovuq bo'lgani sababli ko'mir yoqib isitilgan, o'quvchilar hatto dars vaqtida ustki kiyimlarini yechmagan. Maktab bolalarning yo'li uzoq bo'lgani uchun filial sifatida tashkil etilgan edi.
Reklama
Qayta qurish ishlari
- Barcha xonalar ta'mirlanib, elektron doskalar va o'quvchilar uchun zarur jihozlar o'rnatildi;
- Tadbirkor maktabdagi sharoit bilan tanishgach, uni shahardagi maktablar darajasiga olib chiqishni taklif qilgan;
- Ta'lim maskani “Bo'lajak millionerlar maktabi” deb nomlandi.
Tadbirkorning tajribasi
Valijon Solihovning ta'kidlashicha, u ham faoliyatini katta imkoniyatlar bilan boshlamagan — dastlab bir dona eski “Moskvich” avtomobili va kichik xonasi bo'lgan.
1992-yili ishimizni boshlaganimizda uch kishi edik. 2016-yilda 34 kishiga yetdik. Hozir esa 900 kishi bo'lib ishlayapmiz. Kelasi yilda faoliyatimizni yana 1,2–1,3 baravar kengaytirishni rejalashtiryapmiz.
Valijon Solihov, tadbirkor
Uning fikricha, inson millioner bo'lishi uchun yangilik yaratishi va boshqalar qilmagan ishlarni amalga oshirishi kerak. “Yangi fikr yaratish uchun insonning tafakkuri va bilim darajasi yuqori bo'lishi kerak”, — deydi tadbirkor.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring