O'zbek bolalar yozuvchisi Sa'dullo Quronovning kitoblari savdosidan bir oyda 238 million so'm daromad ko'rildi. Uning uch qismli "Galaktikada bir kun" asari bir oy ichida 7 ming 220 nusxada sotildi. Bu ko'rsatkich mahalliy mualliflar orasidagi rekord natijalardan biri sifatida baholanmoqda. Ma'lumotni "Qamar" kitoblar do'koni tarmog'i o'z kuzatuvlariga tayanib e'lon qildi.
Rekord savdo ko'rsatkichi
Do'kon statistikasiga ko'ra, trilogiya kitoblari bir oyda 7 mingdan ortiq o'quvchiga yetib borgan. Vakillar bunday yuksak savdo avvallari asosan xorijiy adabiyot namunalari va turk tilidan qilingan tarjimalar hissasiga to'g'ri kelganini qayd etdi. Mazkur natija o'zbek tilidagi bolalar kitobiga real talab mavjudligini ko'rsatdi. Muallif dastlab asar keng targ'ibotsiz, asta-sekin o'quvchilar mehrini qozonganini aytadi. Natija bolalar adabiyotiga qiziqish ortib borayotganidan darak beradi.
Trilogiya muvaffaqiyati siri
Ilmiy-fantastik trilogiya muallif tomonidan 2016-yilda yozila boshlangan va 2019-yilda ilk bor nashr etilib sotuvga chiqqan. Roman shu kungacha o'n martadan ko'proq qayta bosilgan. Asarning ayrim parchalari 5-6-sinf adabiyot darsliklariga kiritilgani, shuningdek, kitob "Yosh kitobxon" ko'rik-tanlovida o'qilishi shart bo'lgan asarlar ro'yxatidan joy olgani o'quvchilar doirasini yanada kengaytirdi. Birinchi qismni o'qigan bolalar voqealar davomini bilish uchun keyingi kitoblarni intiqlik bilan kutadi va shu tariqa asar atrofida o'ziga xos kitobxonlar jamoasi shakllangan. Eslatib o'tamiz, Milliy kitobxonlik harakati 120 ta kitob ro'yxatini e'lon qilgani haqida avval xabar bergan edik.
















