Xiva shahrida Xitoyning Lyaonin pedagogika universiteti filiali va Konfutsiy instituti ochildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi ta’lim majmuasi faoliyati bilan tanishdi, deya xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Majmua qanday sharoitlarga ega?
Filial Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Urganch davlat universiteti va Xitoyning Lyaonin pedagogika universiteti hamkorligida barpo etildi. Qurilish va jihozlash uchun davlat budjetidan 140 milliard so‘m ajratilgan bo‘lib, 120 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Reklama
Majmuada 560 o‘rinli o‘quv bloklari, kutubxona, sport zali, 200 o‘rinli madaniyat saroyi va 118 o‘rinli oshxona mavjud. Ikkinchi to‘rt qavatli binoda 628 o‘rinli auditoriyalar hamda 224 o‘rinli talabalar turar joyi tashkil etilgan.
Qabul qanday bo‘ladi?
2026-yil uchun qabul kvotasi 160 nafar etib belgilangan. Kelgusida yillik qabulni 500 nafarga, talabalar sonini esa 2 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Ta’lim kunduzgi va masofaviy shakllarda, o‘zbek, xitoy va ingliz tillarida olib boriladi.
Bakalavriatda “Xalqaro xitoy tili ta’limi”, “Turizm boshqaruvi”, “Xalqaro biznes”, “Sun’iy intellekt” yo‘nalishlari, magistraturada esa “Xitoy tili va madaniyatini o‘qitish metodikasi”, “Ta’lim boshqaruvi”, “Sun’iy intellekt va ta’lim texnologiyalari” yo‘nalishlari ochilgan. Filial diplomi O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi.
Nima uchun aynan Xivada?
Hozir Xorazm viloyatida xitoylik investorlar ishtirokida umumiy qiymati 2 milliard 343 million dollarlik 38 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Ularda zamonaviy texnologiyalar va xitoy tilini yaxshi biladigan yuqori malakali mutaxassislarga talab yuqori — yangi ta’lim muassasasi aynan shu ehtiyojga mos kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Iqtidorli bitiruvchilarga Xitoyning yetakchi oliygohlarida grant asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Avvalroq Toshkentda O‘zbekiston va Yaponiya qo‘shma universitetiga asos solingani haqida yozgan edik. InfoEdu.uz orqali ta’limga oid eng muhim yangiliklarni muntazam kuzatib boring.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.