2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga hujjat topshirayotgan abituriyentlar oliygoh va ta'lim yo‘nalishlarini tanlash bilan birga tanlov ustuvorligini ham belgilaydi.
Mazkur tanlov qabul natijalariga bevosita ta'sir qiladigan muhim bosqichlardan biri hisoblanadi. Chunki tizim abituriyentning arizasini aynan tanlangan ustuvorlik asosida ko‘rib chiqadi.
Tanlov ustuvorligi qoidalari Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan.
Reklama
Tanlov ustuvorligi nima?
Tanlov ustuvorligi — bu abituriyentning "Davlat granti" yoki "Ta'lim yo‘nalishi" variantlaridan birini tanlashi orqali qabul tizimi uning arizasini qanday ketma-ketlikda ko‘rib chiqishini belgilovchi tartibdir.
Tanlovni noto‘g‘ri belgilash ayrim holatlarda grant yoki o‘zi istagan ta'lim yo‘nalishiga tavsiya etilish imkoniyatiga ta'sir qilishi mumkin.
Davlat granti ustuvorligi qanday ishlaydi?
Agar abituriyent "Davlat granti" ustuvorligini tanlasa, tizim u tanlagan barcha ta'lim yo‘nalishlarini avvalo davlat granti asosida tekshiradi.
Agar grant asosida tavsiya etilish imkoni bo‘lmasa, shundan keyingina tanlangan yo‘nalishlar to‘lov-kontrakt asosida ko‘rib chiqiladi.
Bu variant grant asosida o‘qishni asosiy maqsad qilgan abituriyentlar uchun qulay hisoblanadi.
Ta'lim yo‘nalishi ustuvorligi qanday ishlaydi?
Agar "Ta'lim yo‘nalishi" ustuvorligi tanlansa, tizim tanlangan yo‘nalishlarni navbatma-navbat ko‘rib chiqadi.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha:
- avvalo davlat granti;
- grant bo‘lmasa, to‘lov-kontrakt
imkoniyati tekshiriladi. Shundan keyingina keyingi yo‘nalishga o‘tiladi.
Bu usul aynan birinchi tanlangan yo‘nalishda o‘qishni istaydigan abituriyentlar uchun ma'qulroq hisoblanadi.
Qaysi ustuvorlikni tanlash maqsadga muvofiq?
Tanlov abituriyentning maqsadiga bog‘liq.
Agar asosiy maqsad davlat granti asosida talaba bo‘lish bo‘lsa, "Davlat granti" ustuvorligini tanlash maqsadga muvofiq.
Agar esa abituriyent uchun aynan birinchi tanlangan ta'lim yo‘nalishida o‘qish muhim bo‘lsa, "Ta'lim yo‘nalishi" ustuvorligi ko‘proq mos keladi.
Abituriyentlar tanlovni tasdiqlashdan oldin Qabulning ikkinchi bosqichida nimalar tanlanadi? mavzusiga oid maqolamiz bilan ham tanishib chiqishlari tavsiya etiladi.
Nega tanlov ustuvorligi muhim?
Tanlov ustuvorligi qabul natijalariga bevosita ta'sir qiluvchi omillardan biridir.
U:
- davlat granti asosida tavsiya etilish ehtimoliga;
- qaysi oliy ta'lim muassasasiga tavsiya etilishingizga;
- qaysi ta'lim yo‘nalishida o‘qishingizga
ta'sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu sababli tanlovni yakuniy tasdiqlashdan oldin barcha variantlarni diqqat bilan tahlil qilish tavsiya etiladi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.