«El-yurt umidi» stipendiyasi O‘zbekiston fuqarolariga xorijiy davlatlarning yetakchi ta’lim va ilmiy muassasalarida bakalavriat, magistratura hamda doktorantura bosqichlarida tahsil olish imkonini beradi. Dasturning tartibi va afzalliklari Prezidentning 2025-yil 5-maydagi PF-77-son farmoni bilan belgilangan. Stipendiya ochiq tanlov asosida berilib, g‘oliblar uchun o‘qish, viza, tibbiy sug‘urta, yo‘l va yashash bilan bog‘liq xarajatlar qoplanadi.
Stipendiya uchun nomzodlarga qo‘yiladigan talablar
O‘zbekiston fuqarolari ish yoki o‘qish joyidan qat’i nazar, ochiq tanlovda ishtirok etishi mumkin. Nomzod ta’lim bosqichiga qarab yosh chegarasiga javob berishi shart. Bakalavriat uchun 30 yoshdan katta bo‘lmaslik, magistratura uchun 22 yoshdan kichik va 40 yoshdan katta bo‘lmaslik, doktorantura uchun esa 25 yoshdan kichik va 45 yoshdan katta bo‘lmaslik talab qilinadi.
Magistraturaga hujjat topshirayotgan nomzod kamida 1 yil, doktoranturaga topshirayotgan nomzod kamida 2 yil mehnat stajiga ega bo‘lishi kerak. Magistratura va doktorantura uchun tegishli oliy ma’lumot talab etiladi, bakalavriat uchun esa bu talab qo‘llanmaydi.
Hujjatlar va xorijiy til sertifikatiga talablar
Nomzodlar ariza, pasport yoki ID-karta nusxasi, xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi xalqaro sertifikat, xorijiy muassasaga qabul qilinganlik to‘g‘risidagi hujjat hamda shaxsiy, akademik va kasbiy muvaffaqiyatlar haqidagi ma’lumotnomani taqdim etadi.
Bakalavriatga topshiruvchilar attestat yoki tegishli diplom va motivatsion esse qo‘shadi. Magistratura va doktorantura uchun diplom, mehnat faoliyatiga oid hujjatlar, ilmiy maqolalar ro‘yxati hamda motivatsion esse talab qilinadi; doktorantura nomzodlari ilmiy tadqiqot dolzarbligi haqida tavsiya xatini ham taqdim etadi.
IELTS Academic sertifikati bakalavriat uchun kamida 6 ball, magistratura va doktorantura uchun kamida 7 ball bo‘lishi kerak. Boshqa xalqaro imtihonlarning teng darajadagi sertifikatlari ham qabul qilinadi. Xorijiy muassasaga shartsiz qabul qilinganlik haqidagi taklifnomani taqdim etgan nomzoddan til sertifikati talab qilinmaydi.
Tanlovning olti bosqichi
Tanlov hujjatlarni o‘rganishdan boshlanadi. Shundan so‘ng reytingning eng yuqori 100 taligidagi universitetlarga to‘liq grant asosida qabul qilingan nomzodlar orasidan, keyin eng yuqori 300 taligidagi universitetlarga to‘liq grant asosida qabul qilinganlar orasidan imtihonsiz g‘oliblar aniqlanadi. QS reytingining eng yuqori 20 taligidagi universitetlarga qisman grant asosida qabul qilingan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilari ham imtihonsiz saralanadi.
Qolgan nomzodlar test sinovi va suhbat bosqichlaridan o‘tadi. Testda kamida 61 ball olgan nomzod suhbatga o‘tkaziladi, suhbatda ham 100 balldan kamida 61 ball to‘plagan nomzod “suhbatdan o‘tgan” deb e’tirof etiladi.
Stipendiya qoplaydigan xarajatlar
G‘oliblarga bakalavr, magistratura yoki doktoranturada o‘qish puli to‘liq qoplanadi. Bundan tashqari, viza olish, ta’lim joyigacha bo‘lgan yo‘lkira (yiliga ko‘pi bilan bir marta, ikkala tomonga), yashash, ovqatlanish, tibbiy sug‘urta va transport xarajatlari qoplanadi.
Zarur o‘quv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish, ilmiy maqolalarni chop ettirish va elektron bazalarga obuna bo‘lish xarajatlari ham stipendiya hisobidan qoplanadi. Har bir ta’lim dasturi bo‘yicha bitta stipendiatga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorini Jamg‘armaning Vasiylik kengashi belgilaydi.
Stipendiatning majburiyatlari
Stipendiat ta’lim dasturini tugatgach, ko‘pi bilan bir oy ichida O‘zbekistonga qaytishi va ish beruvchi tashkilotda mehnat faoliyatini boshlashi lozim. O‘qish davrida belgilangan akademik talablarga rioya qilish, natijalar haqida Jamg‘armaga ma’lumot taqdim etish va shartnomadagi boshqa majburiyatlarni bajarish talab etiladi. Magistraturani muvaffaqiyatli tamomlab, nufuzli xorijiy universitetning PhD dasturiga to‘liq grant asosida qabul qilingan stipendiatlarga ishlab berish majburiyatini kechiktirish imkoniyati ham beriladi.
















