Magistratura arizalarini tahrirlash: 6–8 avgust
2024/2025-o‘quv yili uchun magistr.edu.uz elektron tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlar diqqatiga! Arizasi rad etilgan abituriyentlar uchun kamchiliklarni bartaraf etish imkoniyati taqdim etildi.
Arizalar nima uchun rad etilgan bo‘lishi mumkin?
Tizim orqali ko‘rib chiqilgan murojaatlarning rad etilishiga quyidagi omillar sabab bo‘lgan:
- Tanlangan mutaxassislik bitiruvchining ta’lim yo‘nalishiga mos yoki turdosh emasligi;
- So‘ralgan hujjat o‘rniga noto‘g‘ri yoki sifatsiz hujjat yuklanganligi;
- Texnik xatoliklar va boshqa kamchiliklar.
Arizalarni qanday tahrirlash kerak?
Agar siz 1–30-iyul kunlari ariza yuborgan bo‘lsangiz, 6–8-avgust kunlari tizimga kirib, ma’lumotlaringizni tahrirlashingiz mumkin. Kirish ballari yo'nalishlar kesimida ma'lumotlar bilan tanishib, tanlovingizni qayta ko'rib chiqish tavsiya etiladi.
Muhim eslatmalar:
- Xorijiy til sertifikati talab darajasida bo‘lmaganligi sababli rad etilgan arizalarni tahrirlash tavsiya etilmaydi. Milliy sertifikat sanalari bo‘yicha yangiliklarni kuzatib boring.
- Belgilangan muddatdan so‘ng tahrirlash imkoniyati yopiladi va kamchiliklari bartaraf etilmagan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.
Barcha abituriyentlarga omad tilaymiz!

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.