Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati Xatirchi tumani Langar qishlog‘ida bir o‘qituvchining qalin qor oralab maktabga yo‘l olayotgani aks etgan video qisqa fursatda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu lavhalar ko‘plab foydalanuvchilar tomonidan ta’limga fidoyilik, kasbga sadoqat timsoli sifatida baholandi.
Gap Xatirchi tumanidagi 58-umumta’lim maktabi tarix fani o‘qituvchisi — Muyassar Mamadaliyeva haqida bormoqda. U 1993-yildan buyon ta’lim tizimida faoliyat yuritib kelmoqda. 33 yillik tajribaga ega, oliy toifali pedagog bo‘lgan ustoz tarix fanidan milliy sertifikatga ega o‘qituvchilar safidan joy olgan. E’tiborlisi, u faoliyat olib borayotgan 450 o‘rinli maktab tuman markazidan qariyb 50 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Mazkur holat ta’lim tizimi rahbariyati e’tiboridan ham chetda qolmadi. Eʼzoza Karimova, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri, Xatirchilik o‘qituvchi bilan telefon orqali shaxsan suhbatlashdi. Bu haqda vazir o‘zining rasmiy Telegram sahifasida ma’lum qildi.
Suhbat davomida vazir maktabga qatnov sharoitlari, ta’lim muassasasidagi mavjud imkoniyatlar va vazirlik tomonidan ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan amaliy yordam masalalari bilan qiziqdi. O‘qituvchi esa maktabda elektron doskalar bo‘lsa, ta’lim sifati yanada oshishini ta’kidladi.
Vazir bu taklifga ijobiy munosabat bildirib, aniq va’da berdi:
«Sizga sovg‘a tariqasida maktabingizga elektron doskalarni yetkazamiz, Muyassarxon. Navoiyga yo‘lim tushsa, albatta, maktabingizga borib, shaxsan uchrashaman», — dedi Eʼzoza Karimova.
Mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng rezonans uyg‘otib, qishloq hududlarida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilarning mehnati va fidoyiligi yana bir bor jamoatchilik e’tiboriga chiqdi. Ta’lim sohasida real sharoitlar, amaliy qo‘llab-quvvatlash va ustozlarga e’tibor masalalari dolzarbligicha qolmoqda.




















