O'zbekiston xalqaro baholash tadqiqotlarida ishtirokni davom ettirmoqda. 2027-yilda TIMSS tadqiqotida qatnashish rejalashtirilgan, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) o'rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq esa O'zbekiston 2029-yilda PISA 2029 tadqiqotida ham ishtirok etadi.
TIMSS 2027 va PISA 2029
Vazirlik Ta'lim sifatini baholash va monitoring qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi, PISA yetakchi tahlilchisi Abduqodir Karimberdiyevning ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston 2027-yilda TIMSS tadqiqotida qatnashadi.
Reklama
Xalqaro baholash dasturlarida O'zbekistonning ishtirokini ta'minlash bo'yicha Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti va uning huzuridagi xalqaro tadqiqotlar markazi mas'ul etib belgilangan. Institut TIMSS 2027 tadqiqoti doirasida baholovchilar uchun treninglarni boshlagan.
PISA 2029da nimalar baholanadi
2029-yilda o'tkaziladigan tadqiqotda o'quvchilarning matematika, o'qish va tabiiy fanlar bo'yicha bilimlari bilan bir qatorda media savodxonlik hamda sun'iy intellekt bo'yicha bilim va qobiliyatlari baholanadi. 2029-yil uchun ustuvor yo'nalish sifatida o'qish savodxonligi belgilangan.
Xalqaro tadqiqotlardagi natijalar
O'zbekiston PIRLS 2021, PISA 2022, TIMSS 2023, TALIS 2024, PISA 2025 va PIRLS 2026 kabi tadqiqotlarda qatnashib kelmoqda. Ular o'quvchilar bilimidagi o'zgarishlarni kuzatish va mavjud muammolarni aniqlash imkonini bermoqda.
| Tadqiqot | Natija | O'rin |
|---|---|---|
| PIRLS 2021 (4-sinf o'qish savodxonligi) | 437 ball | 57 davlat ichida 49-o'rin |
| TIMSS 2023 (8-sinf matematika) | 421 ball | 44 davlat ichida 32-o'rin |
| TIMSS 2023 (8-sinf tabiiy fanlar) | 396 ball | 44 davlat ichida 39-o'rin |
| PISA 2022 (matematika) | 364 ball | 81 davlat ichida 72-o'rin |
| PISA 2025 (tabiiy fanlar) | 438 ball | 91 davlat ichida 48-o'rin |
OECD'ning 2026-yil 8-sentabr kungi hisobotida PISA 2025 doirasida o'quvchilarning matematika va o'qish bo'yicha javoblarida ayrim nomuvofiqliklar aniqlangani ma'lum qilingan edi. Bu haqda batafsil yozgan edik.
Natijalar qanday ishlatiladi
Vazirlik mas'ulining ta'kidlashicha, xalqaro baholash dasturlari natijalari asosida ta'lim sohasidagi islohotlarni amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan va bu yo'nalishdagi tizimli ishlar davom ettirilmoqda.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring