2026/2027-o'quv yili uchun ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlariga alohida imtiyoz joriy etildi — bakalavriat kunduzgi ta'lim shakliga davlat granti asosidagi qabul ko'rsatkichlarining 10 foiziga teng qo'shimcha grant o'rinlari ajratilgan. Ammo bu grant oddiy emas — uning bir nechta muhim sharti bor.
Avvalroq bu yilgi qabulda abituriyentlar soni kamayib, kvotalar oshgani haqida yozgan edik.
Faqat birinchi ustuvor yo'nalish uchun
Qo'shimcha grant faqat abituriyent tanlagan birinchi (1-ustuvor) yo'nalishga nisbatan qo'llaniladi. Ikkinchi, uchinchi, to'rtinchi yoki beshinchi ustuvor yo'nalishlarda bu imtiyoz ishlamaydi. Shuning uchun yo'nalish tanlashda birinchi o'ringa eng muhim yo'nalishni qo'yish ayniqsa muhim.
Shuningdek, qo'shimcha grant faqat kunduzgi ta'lim shakli uchun amal qiladi. Kechki, sirtqi va masofaviy ta'lim shakllarida bu imtiyoz yo'q.
10 foiz — bu qancha o'rin
Qabul parametrlarida ko'rsatilgan raqamlar alohida universitet uchun emas, balki respublika bo'yicha shu yo'nalishga ajratilgan umumiy grant o'rinlari sonidir. Masalan, "Ona tili va adabiyoti" uchun 54 ta qo'shimcha grant ko'rsatilgan bo'lsa, bu butun mamlakat bo'yicha shu yo'nalishga ajratilgan jami qo'shimcha o'rinlar soni.
Qo'shimcha grantga tavsiya etish respublika miqyosida amalga oshiriladi — barcha abituriyentlar birinchi yo'nalishi bo'yicha to'plagan ballari ketma-ketligiga qarab saralanadi.
O'tish balining 80 foizi shart
Qo'shimcha grant uchun abituriyent davlat granti uchun belgilangan o'tish balining kamida 80 foizini to'plagan bo'lishi shart. Bu talabni bajarganlar orasidan eng yuqori ball to'plaganlar tanlab olinadi.
Faqat bitta imtiyozli grant
Muhim qoida: ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari bir vaqtning o'zida faqat bitta imtiyozli grant turi bo'yicha tanlovda qatnasha oladi. Agar siz ijtimoiy reyestr grantini tanlasangiz, boshqa imtiyozli grantlarda (masalan, maqsadli qabul yoki nogironlik bo'yicha) ishtirok eta olmaysiz.
InfoEdu.uz abituriyentlar uchun imtiyozli grant tizimining barcha nozik jihatlarini sodda tilda tushuntirishda davom etadi.
Reklama

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.