Takomillashgan alifbo maktab darsliklariga bosqichma-bosqich kirib boradi. Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri o'rinbosari Azizbek Turdiyevning ma'lum qilishicha, qonun 2027-yildan kuchga kirsa, birinchi sinf darsliklari yangi alifboda chop etiladi, to'liq o'tish esa 2031-yilga qadar yakunlanadi.
Buning uchun qo'shimcha mablag' ajratish talab etilmaydi. Sababi darsliklar muddatidan avval bittada qayta nashr etilmaydi — har biri amaldagi tartibda, o'z navbati kelganda yangilanadi.
Amaldagi tartibga ko'ra, 1-sinf darsliklari shundoq ham har o'quv yilida qayta chop etiladi, 2-4-sinflar uchun darsliklar har 3 yilda, 5-11-sinflar uchun esa har 5 yilda yangilanadi.
Reklama
Darsliklar yangilanish muddatlari
| Sinf | Darslik qayta nashr etiladi |
|---|---|
| 1-sinf | Har o'quv yilida |
| 2-4-sinflar | Har 3 yilda |
| 5-11-sinflar | Har 5 yilda |
Shu tariqa yangi alifbo kuchga kirgan taqdirda ham barcha darsliklar bir vaqtda almashtirilmaydi: yangilanish qonunchilikda belgilangan muddatlarda, o'z navbati bilan amalga oshiriladi va qo'shimcha xarajat talab qilmaydi.
Ota-onalar uchun bu o'zgarish moddiy yuk bo'lmaydi: maktab darsliklari uchun ijara to'lovi olinmaydi — 2022/2023-o'quv yilidan boshlab darsliklar o'quvchilarga davlat budjeti hisobidan bepul tarqatiladi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.