Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi umumiy o‘rta ta'lim maktablarida tashkil etilgan sog‘lomlashtirish maydonchalari faoliyati hamda “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida rejalashtirilgan tadbirlarni 2026-yil 1-avgustga qadar vaqtincha to‘xtatdi.
Vazirlikning 2026-yil 13-iyuldagi 04-39-2385-sonli xatiga ko‘ra, mazkur cheklov maktabgacha ta'lim tashkilotlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlarga ham tatbiq etiladi.

Nima sababdan tadbirlar to‘xtatildi?
Qaror yaqin kunlarda kutilayotgan anomal issiq ob-havo bilan bog‘liq.
Ma'lumotlarga ko‘ra, "O‘zgidromet" prognoziga asosan, havo harorati:
- respublikaning aksariyat hududlarida 41–43 daraja;
- shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida esa 44–46 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Qaysi tadbirlar vaqtincha to‘xtatiladi?
1-avgustga qadar quyidagilar vaqtincha to‘xtatiladi:
- umumiy o‘rta ta'lim maktablaridagi sog‘lomlashtirish maydonchalari faoliyati;
- maktabgacha ta'lim tashkilotlarida o‘tkaziladigan tadbirlar;
- maktablarda “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida rejalashtirilgan turli tadbir va loyihalar.
Fuqarolarga qanday tavsiyalar berildi?
Sog‘liqni saqlash vazirligi aholi, ayniqsa xavf guruhiga kiruvchi fuqarolarni issiq ob-havo davrida ehtiyotkorlik choralariga qat'iy amal qilishga chaqirdi.
InfoEdu.uz o‘rganishicha, mazkur cheklov bolalar salomatligini himoya qilish hamda yuqori haroratning salbiy ta'sirini kamaytirish maqsadida joriy etilgan.














