Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 25 avgustdagi yig'ilishida maktablarni yangi kompyuter sinflari va elektron doskalar bilan jihozlash ishlari kechikayotgani tanqid qilindi. Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri E'zoza Karimova xaridlar tender jarayonlari sabab kechikayotganini ma'lum qildi. InfoEdu.uz kuzatuviga ko'ra, o'quv yili boshlanishi arafasidagi bunday kechikish ota-onalar va o'qituvchilarni eng ko'p tashvishga soladigan masalalardan biri.
350 milliard so'mlik ish tender bosqichida qoldi
2026 yil yakunigacha maktablarda mingta yangi kompyuter sinfi tashkil etish va 6 300 ta elektron doska xarid qilish uchun davlat byudjetidan jami 350 milliard so'm ajratilgan. Yig'ilishda deputat Zuhriddin Mavlonov mablag', mas'ullar va bajarish muddati avvaldan belgilangan bo'lsa-da, hozirgacha faqat tender e'lon qilinganini ta'kidlagan: «Yil yakuniga to'rt oy qoldi. Shu vaqt davomida mingta kompyuter sinfi, olti mingdan ziyod elektron doskalar maktablarga yetkazib beriladimi», deya savol qo'ygan deputat.
Reklama
Vazir oktyabr oxirigacha yetkazishga va'da berdi
Vazirning ma'lum qilishicha, dastlabki ekspertiza xulosalari asosida 1 000 ta emas, balki 1 350 ta kompyuter sinf to'plamini xarid qilish belgilangan. Hozirda ushbu xaridlar bo'yicha tender savdolari e'lon qilingan. Elektron doskalarni xarid qilish bo'yicha tender 12 iyulda e'lon qilingan, biroq g'olib aniqlanmagani uchun 10 avgustda qayta o'tkazishga e'lon berilgan. G'oliblar aniqlangach, tegishli xaridlar amalga oshiriladi. E'zoza Karimova barcha kompyuter sinf to'plamlari va elektron doskalar oktyabr oyi yakunigacha maktablarga to'liq yetkazib berilishini ma'lum qilgan.












Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.