Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun grant: Kimlar tavsiyanoma oladi?
Oliy ta'lim muassasalarida grant asosida o‘qishni istagan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun davlat tomonidan maxsus tavsiyanomalar beriladi. Bu imkoniyatdan foydalanish uchun belgilangan mezonlarga mos kelish talab etiladi.
Tavsiyanoma olish uchun asosiy mezonlar
Quyidagi toifadagi qizlar va ayollar tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma olish huquqiga ega:
- Kam ta’minlangan oilalar: Oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha daromad mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 0,527 baravaridan (516 ming so‘m) ko‘p bo‘lmagan oilalar;
- To‘liqsiz oilalar: Otasi yoki onasi (yoxud ikkalasi ham) vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
- Yolg‘iz ayollar: Turmush o‘rtog‘i vafot etgan va voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ayollar;
- Nogironligi bor oilalar: Nogironligi bo‘lgan farzandi yoki ota-onalaridan biri/ikkisi I yoki II guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalar;
- Ijarada yashovchi yolg‘iz ayollarning farzandlari: Ikki va undan ortiq farzandni tarbiyalayotgan, qarindoshlaridan alohida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarning qizlari.
Qanday murojaat qilish kerak?
Tavsiyanoma olish uchun talabgorlar o‘zlarining doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha tuman (shahar) Oila va xotin-qizlar bo‘limlariga elektron shaklda murojaat qilishlari kerak. Arizalar har yili 30-maydan 8-iyunga qadar qabul qilinadi.
Oliy ta'limga kirishda tayyorgarlik ko'rayotgan abituriyentlar uchun qo'shimcha ma'lumotlar va oliygohlar kirish ballari haqida batafsil ma'lumotni infoedu.uz saytidan olishingiz mumkin.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.