Bitiruvchilarning maoshi eng yuqori boʻlgan oliygohlar maʼlum qilindi

Bitiruvchilarning oʻrtacha rasmiy daromadi 4,9 mln soʻm. Eng yuqori maosh Gerasimov instituti, Inha va Vestminster bitiruvchilarida qayd etildi.

Bitiruvchilarning maoshi eng yuqori boʻlgan oliygohlar maʼlum qilindi

Bitiruvchilarning 2025-yil iyulidan 2026-yil iyunigacha boʻlgan davrdagi oʻrtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 mln soʻmni tashkil etgan. Daromad koʻrsatkichi eng yuqori boʻlgan oliy taʼlim tashkilotlari orasida Toshkentdagi Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali, Inha universiteti va Toshkent xalqaro Vestminster universiteti yetakchilik qilgan. Bu haqda bugun, 26-avgust kuni Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan oʻtkazilgan “Bitiruvchi sifati indeksi”ga bagʻishlangan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Anjuman davomida “Bitiruvchilar sifati indeksi” natijalarini aks ettiruvchi platformaning taqdimoti ham oʻtkazildi. Unda bitiruvchilarning mehnat bozoridagi natijalari, jumladan ularning ishga joylashishi va rasmiy daromadlari boʻyicha tahlil natijalari taqdim etildi.

Reklama

Bitiruvchilarning oʻrtacha daromadi qancha

Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi maʼlumotiga koʻra, 2025-yil iyulidan 2026-yil iyunigacha boʻlgan davrda bitiruvchilarning respublika miqyosidagi oʻrtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 mln soʻmni tashkil etgan.

Bunda bitiruvchilarning rasmiy qayd etilgan daromadlari hisobga olingan. Indeksni hisoblashda bitiruvchining daromadi u istiqomat qilayotgan hududdagi oʻrtacha ish haqi bilan solishtirilgan.

Taʼlim yoʻnalishlari kesimida oʻrtacha daromad

  • Ijod (sport) yoʻnalishlari — 6,33 mln soʻm
  • Amaliy fanlar — 5,5 mln soʻm
  • Ijtimoiy-gumanitar fanlar — 4,61 mln soʻm
  • Tibbiyot fanlari — 4,43 mln soʻm

Maoshi eng yuqori boʻlgan 10 ta oliygoh

Bitiruvchilarning oʻrtacha rasmiy daromadi eng yuqori boʻlgan taʼlim tashkilotlari quyidagilar:

  1. Toshkent shahridagi S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali — 23,4 mln soʻm
  2. Toshkent shahridagi Inha universiteti — 12,6 mln soʻm
  3. Toshkent xalqaro Vestminster universiteti — 12,5 mln soʻm
  4. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti — 10,6 mln soʻm
  5. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 10,3 mln soʻm
  6. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti — 9,4 mln soʻm
  7. Toshkentdagi Singapur Menejmentni Rivojlantirish instituti — 9,3 mln soʻm
  8. G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali — 9 mln soʻm
  9. Toshkent davlat yuridik universiteti — 8,4 mln soʻm
  10. Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti — 8,1 mln soʻm

Bitiruvchi sifati indeksi nima uchun joriy etilmoqda

Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktori Baxtiyor Yoʻldoshevning taʼkidlashicha, “Bitiruvchilar sifati indeksi”ni joriy etishdan asosiy maqsad abituriyentlarga oliy taʼlim muassasasini tanlashda ishonchli va obyektiv mezon taqdim etishdan iborat.

Abituriyent endi oliygoh haqida qaror qabul qilayotganda nafaqat taʼlim jarayoniga, balki shu oliygoh bitiruvchilarining mehnat bozoridagi real natijalariga ham eʼtibor qaratishi mumkin. Shu maʼnoda, BSI kelgusida oliygoh tanlashda abituriyentlar uchun muhim yoʻlboshchi va indikator boʻlib xizmat qilishi kerak.

Baxtiyor Yoʻldoshev, Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktori

Eslatib oʻtamiz, kuni kecha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi 2026-yilgi oliy taʼlimga kirish natijalari boʻyicha maktab bitiruvchilarining koʻrsatkichlarini eʼlon qilgan edi. Unga koʻra, bitiruvchilarning test sinovlaridagi oʻrtacha bali 2025-yildagi 80,9 balldan 92,5 ballga oshgan. Oliy taʼlim muassasalariga kirish boʻyicha eng yuqori koʻrsatkich Navoiy viloyatida qayd etilgan.

2025-yil iyulidan 2026-yil iyunigacha boʻlgan davrda respublika boʻyicha bitiruvchilarning oʻrtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 mln soʻmni tashkil etgan.
Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali 23,4 mln soʻm bilan birinchi oʻrinda. Keyingi oʻrinlarda Inha universiteti 12,6 mln soʻm va Toshkent xalqaro Vestminster universiteti 12,5 mln soʻm bilan yetakchilik qiladi.
Bitiruvchi sifati indeksi bitiruvchilarning mehnat bozoridagi real natijalari — ishga joylashishi va rasmiy daromadlari asosida oliygohlar sifatini baholaydigan koʻrsatkich. Abituriyentlarga oliygoh tanlashda obyektiv mezon boʻlib xizmat qiladi.

Reklama

Umidjon EsirgapovU
MUALLIFUmidjon EsirgapovInfoedu.uz asoschisi marketing va ta’lim sohasida 5 yillik tajribaga ega ekspert.

Izohlar (0)

Izoh yozish uchun tizimga kiring.

O'xshash maqolalar

Eng ko'p o'qilganlar