2026/2027-o‘quv yili qabulida ruxsatnomalar berilishi boshlanganidan so‘ng ayrim abituriyentlarda savollar paydo bo‘ldi. Ayniqsa, barcha fanlardan milliy sertifikatga ega abituriyentlarga ruxsatnoma berilmagani, biroq SAT sertifikatiga ega ayrim abituriyentlarning ruxsatnomasi shakllangani ko‘pchilikni qiziqtirmoqda.
Aslida bu holat xatolik emas. Har ikki toifa uchun amaldagi tartib turlicha qo‘llaniladi.
Barcha fanlardan milliy sertifikatga ega abituriyentlarga ruxsatnoma berilmaydi
Reklama
Agar abituriyent barcha fanlardan test sinovidan ozod etuvchi milliy sertifikatga ega bo‘lsa va ro‘yxatdan o‘tishda ushbu imtiyozdan foydalanishni tanlagan bo‘lsa, u test sinovlarida ishtirok etmaydi.
Shu sababli bunday abituriyentlarga test uchun ruxsatnoma ham shakllantirilmaydi. Ular test sinovlari yakunlangach ikkinchi bosqichda oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi.
Bu haqda batafsil barcha fanlardan milliy sertifikatga ega abituriyentlarga ruxsatnoma berilmaydi maqolamizda o‘qishingiz mumkin.
Nega SAT sertifikatiga ega abituriyentlarga ruxsatnoma berildi?
SAT imtihonidan 1200 va undan yuqori ball olgan abituriyentlar uchun ruxsatnoma shakllantirilishi xatolik emas.
Bu orqali ularga qo‘shimcha tanlov imkoniyati yaratilgan.
1-usul — SAT sertifikati orqali
Abituriyent SAT sertifikatidagi natija asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri tanlovda ishtirok etishi mumkin.
2-usul — Test sinovida ishtirok etish
Abituriyent xohlasa, umumiy test sinovlarida ham qatnashishi mumkin. Bunda u:
- test natijasi bilan umumiy tanlovda ishtirok etadi;
- yoki SAT sertifikati asosidagi imtiyozidan foydalanadi.
Ya'ni SAT sertifikatiga ega abituriyentda ikki xil imkoniyat mavjud bo‘ladi.
Testga kirish SAT imtiyozini bekor qiladimi?
Yo‘q.
SAT sertifikatiga ega abituriyent test sinovida qatnashsa ham, uning SAT orqali berilgan imtiyozi bekor bo‘lmaydi.
Agar test natijasi kutilganidan past chiqsa ham, u SAT sertifikati asosidagi imkoniyatdan foydalanishi mumkin.
Shu sababli, ayniqsa SAT bali nisbatan pastroq bo‘lgan abituriyentlar uchun test sinovida ishtirok etish qo‘shimcha imkoniyat yaratishi mumkin.
Ruxsatnomani qayerdan yuklab olish mumkin?
SAT sertifikatiga ega va test sinovida qatnashishni istagan abituriyentlar ruxsatnomani my.uzbmb.uz saytidagi shaxsiy kabinet orqali yuklab olishlari mumkin.
Agar hali ruxsatnomangizni olmagan bo‘lsangiz, abituriyentlar ruxsatnomalarini yuklab olish boshlandi mavzusidagi maqolamiz orqali yuklab olish tartibi bilan tanishishingiz mumkin.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.