30-sentabr kuni “Yangi O‘zbekiston” universitetida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab va oliygoh pedagoglari uchun rag‘batning yangi tizimini e’lon qildi. Unga ko‘ra, milliy sertifikatga ega pedagoglarga 50 foiz ustama to‘lanadi, har yili 208 ta tuman va shaharning lider o‘qituvchilariga 30 million so‘mdan mukofot beriladi. Tashabbuslar Prezident matbuot kotibining rasmiy kanalida e’lon qilindi.
Milliy sertifikatli pedagoglarga 50 foiz ustama
Rag‘bat tizimi fundamental fanlarga qaratilgan: iqtisodiyotni texnologik o‘sish modeliga o‘tkazish uchun bolalar matematika, fizika, kimyo va biologiyani maktabdanoq chuqur o‘zlashtirishi zarurligi qayd etildi.
- Sinfda 25 nafardan ortiq o‘quvchi bo‘lsa, matematika, fizika, kimyo va biologiya ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi;
- Milliy sertifikatga ega pedagoglarga oylik maoshiga 50 foiz ustama to‘lanadi;
- Xalqaro va milliy sertifikatga ega o‘qituvchilar soni besh yilda 29 mingdan 143 mingga oshdi, maktablarda o‘qituvchi yetishmasligi uch barobar kamaydi.
Hozir 40 ming muallim 1 ming dollardan, yana 1,5 ming nafari 2 ming dollardan yuqori maosh olmoqda. Sertifikat uchun ustama to‘lashning amaldagi tartibi ham bor: ustama ta’til vaqtida to‘xtaydi, ta’tildan keyin tiklanadi. Milliy sertifikat beradigan imtiyozlar haqida alohida tushuntirish ham tayyorlaganmiz.
Lider o‘qituvchilarga yillik 30 million so‘m mukofot
Har yili 208 ta tuman va shahar kesimida lider o‘qituvchilar aniqlanadi va ularning har biriga 30 million so‘mdan mukofot beriladi. Bu rag‘bat hududiy miqyosda eng yaxshi natija ko‘rsatgan ustozlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
1000 o‘qituvchi xorijda stajirovka o‘taydi
Yana 1 ming nafar o‘qituvchi xorijda stajirovka o‘taydi — Buyuk Britaniya, Fransiya, Singapur kabi davlatlardagi ta’lim tajribasini o‘rganadi. Xalqaro tajriba mahalliy maktablarga qaytarilishi ko‘zda tutilgan.
Kontraktga foizsiz kredit va imtihon xarajatlari
Kamida 15 yil ish stajiga ega pedagoglarning farzandlariga oliygoh kontrakti uchun foizsiz ta’lim krediti ajratiladi. Xorijiy va milliy sertifikat olgan muallimlarning imtihon xarajatlari esa to‘liq qoplanadi.
Kredit kontrakt to‘lovlarini bosqichma-bosqich yopishga yordam beradi, imtihon xarajatlarini qoplash esa sertifikat olishga tayyorlanayotgan pedagoglar uchun moliyaviy to‘siqni kamaytiradi.
Olimpiada g‘oliblarini tayyorlaganlarga oliy toifa
Xorazmiy, Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino, Mendeleyev nomidagi xalqaro va mintaqaviy olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan pedagoglar malaka testlari va attestatsiyadan o‘tmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy toifaga ega bo‘ladi.
Prezident ushbu tashabbuslar qariyb 100 ming o‘qituvchiga munosib rag‘bat bo‘lishiga ishonch bildirdi. Hozircha chora-tadbirlar uchrashuvda e’lon qilindi; to‘lov va tayinlash tartibi bo‘yicha rasmiy hujjat chiqishi kutilmoqda.
















