Bilim va malakalarni baholash agentligi milliy sertifikat imtihonlariga ro'yxatdan o'tish tartibi o'zgarganini ma'lum qildi. Endi talabgorlarni ro'yxatga olish har bir hudud uchun belgilangan o'tirish o'rinlari sonidan kelib chiqib amalga oshiriladi. Yangi tartib Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori bilan joriy etilgan — bu haqda Kun.uz xabar berdi.
Yangi tartibning o'zgarishlari
- Test sinovi o'tkaziladigan joy, sana va muayyan hudud uchun ajratilgan o'rinlar soni Agentlik tomonidan belgilanadi;
- Bu ma'lumotlar agentlikning rasmiy veb-sayti hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali e'lon qilinadi;
- Talabgorlar hudud uchun ajratilgan o'rinlar doirasida YAIDXP orqali ro'yxatga olinadi.
Reklama
Ya'ni muayyan viloyat yoki shahardagi barcha joylar band bo'lsa, ariza topshirishning umumiy muddati tugamagan taqdirda ham o'sha hudud bo'yicha ro'yxatdan o'tish yopiladi.
O'rinlar va imtihonlar soni
2026-yilning sentabr–dekabr oylarida milliy sertifikat imtihonlari uchun jami 496 303 ta o'rin ajratilgan: sentabrda — 125 753 ta, oktabrda — 129 535 ta, noyabrda — 112 335 ta, dekabrda — 128 680 ta.
Imtihonlar soni ham oshirilgan: matematika, kimyo, geografiya, biologiya, fizika, ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan ikki martadan, huquqshunoslik fanidan bir marta — jami 15 ta imtihon o'tkazilishi rejalashtirilgan. Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida 11 ta imtihon tashkil etilib, ularda 255 217 nafar talabgor qatnashgan.
Agentlikning tushuntirishi
Agentlik hududlar bo'yicha o'rinlar belgilanishi talabgorlar ishtirokini cheklashga qaratilmaganini ta'kidladi. Tartib imtihonlarni mavjud binolar, texnik vositalar, xodimlar va nazorat imkoniyatlaridan kelib chiqib sifatli tashkil etish, hududlardagi yuklamani taqsimlash hamda natijalarni belgilangan muddatda e'lon qilish maqsadida joriy etilgan.
Shu munosabat bilan talabgorlarga ro'yxatdan o'tishni oxirgi kunlarga qoldirmaslik tavsiya qilindi: tanlangan hududdagi o'rinlar belgilangan muddatdan oldin to'lib qolishi mumkin.
Ilgariroq sentabr–dekabr oylari uchun 496 303 ta o'tirish o'rni belgilangani va biologiya, kimyo, fizika va matematika fanlaridan ruxsatnomalar e'lon qilingani haqida ham yozgan edik.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.
Hozircha izohlar yo‘q.
Birinchi bo‘lib izoh qoldiring