2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga "Abituriyent ruxsatnomasi" berish boshlandi.
Endilikda barcha abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun zarur bo‘lgan ruxsatnomani my.uzbmb.uz platformasi orqali elektron shaklda yuklab olishlari mumkin.
Ruxsatnomani qanday yuklab olish mumkin?
Reklama
Ruxsatnomani olish uchun my.uzbmb.uz platformasiga kirib, quyidagi ma’lumotlarni kiritish kifoya:
- JShShIR (shaxsiy identifikatsiya raqami);
- pasport yoki ID-karta seriyasi va raqami.
Ma’lumotlar tasdiqlangach, ruxsatnomani elektron shaklda yuklab olish mumkin bo‘ladi.
Agar ro‘yxatdan o‘tishda foydalanilgan telefon raqami yo‘qolgan bo‘lsa, SIM-kartani yo‘qotgan abituriyent ruxsatnomani qanday oladi? mavzusidagi maqolamiz sizga foydali bo‘lishi mumkin.
Ruxsatnomada qanday ma’lumotlar bo‘ladi?
"Abituriyent ruxsatnomasi" test sinovlariga kirish uchun asosiy hujjatlardan biri hisoblanadi.
Unda quyidagi muhim ma’lumotlar aks etadi:
- test topshirish joyi;
- test sinovi sanasi va vaqti;
- test o‘tkaziladigan manzil;
- ta’lim tili;
- ta’lim shakli;
- boshqa zarur ma’lumotlar.
Ruxsatnomani yuklab olgach, undagi barcha ma’lumotlarni diqqat bilan tekshirib chiqish tavsiya etiladi.
Test sinoviga qanday hujjatlar bilan borish kerak?
Abituriyent test sinoviga kelayotganda o‘zi bilan quyidagi hujjatlarni olib kelishi shart:
- pasport yoki ID-karta;
- abituriyent ruxsatnomasi.
Shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi yoki boshqa hujjatlar test sinoviga kirish uchun qabul qilinmaydi.
Kechikkan abituriyentlar testga kiritilmaydi
Bilim va malakalarni baholash agentligi abituriyentlardan test sinovi o‘tkaziladigan hududga belgilangan vaqtdan oldin yetib kelishni tavsiya qilmoqda.
Belgilangan vaqtdan kechikkan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok eta olmaydi.
Shu sababli ruxsatnomani oldindan yuklab olish, undagi ma’lumotlarni tekshirish hamda test kuni manzilga erta yetib borish tavsiya etiladi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.