O‘zbekistonda texnikumlar: 2026-yildan bepul ta’lim tizimi
O‘zbekiston kasbiy ta’lim tizimini isloh qilishning muhim bosqichi boshlandi. Prezidentning PQ-316-son qaroriga binoan, 2026-yildan boshlab 9-sinf bitiruvchilari uchun texnikumlarda o‘qish to‘liq davlat budjeti hisobidan bepul amalga oshiriladi. Bu abituriyentlar uchun malakali kasb egallashda katta imkoniyatdir.
Texnikumlarda ta’lim sifatini oshirish
Hukumat texnikumlar qamrovini 2030-yilga borib 50 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Shuningdek, 2030-yilgacha texnikum binolarini xususiylashtirishga moratoriy o‘rnatildi. O‘qishga kirishni rejalashtirayotganlar esa kirish ballari yo'nalishlar kesimida ma’lumotlar bilan tanishib borishlari tavsiya etiladi.
Dual ta’lim va stipendiyalar
Dual ta’lim modeli ulushi 2030-yilgacha 40 foizga yetkaziladi. Ushbu modelda o‘quvchilarga stipendiya to‘lanadi va o‘qish davri mehnat stajiga qo‘shiladi. Ish beruvchilar uchun esa 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Kasbiy yo‘naltirish tizimi
2026-yildan bolalarda 5 yoshdan boshlab kasb tanlashga qiziqish uyg‘otish maqsadida “Kasblar alifbosi” va “Mening kelajakdagi kasbim” kabi fanlar joriy etiladi.
O‘qituvchilar va ustalarning mavqei
Ishlab chiqarish ta’limi ustalarining maoshi oshiriladi, direktorlarga esa ustalar uchun yuqori maosh belgilash vakolati beriladi. Eng yaxshi 50 nafar pedagog xorijda malaka oshiradi.
Milliy tanlov va xalqaro hamkorlik
“Kasbiy mahorat milliy tanlovi” o‘tkaziladi va yuqori natija ko‘rsatgan texnikumlar moliyaviy mukofotlanadi. Germaniya, Shveysariya va Koreya bilan hamkorlikda xalqaro sertifikatlashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
















