Oliy ta'limda dual ta'lim tizimi: Asosiy yangiliklar
O'zbekiston oliy ta'lim tizimida navbatdagi muhim islohot – dual ta'lim joriy etilmoqda. Bu o'zgarishlar Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-yanvardagi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
Dual ta'lim o'zi nima va u qanday ishlaydi?
2025/2026-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’limda bosqichma-bosqich “Kasb egasi” dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu tizim doirasida talabalar nazariy bilimlarni oliygohda olib, amaliy mashg‘ulotlarni bevosita ishlab chiqarish korxonalarida o‘taydilar. Bu jarayon oliy ta'lim yo'nalishlari talablariga mos ravishda muvofiqlashtiriladi.
Dastlabki bosqichda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti 3 va 4-kurs talabalari uchun ushbu tizim joriy etiladi.
Talabalar uchun moliyaviy rag'bat
Dual ta’lim asosida ishlovchi talabalar uchun davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash mexanizmi ishlab chiqildi. Xususan, talabalarning korxonalarda ishlagan davri uchun ish haqining 2 million so‘mgacha bo‘lgan qismi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi. Bu talabalar uchun o‘qish va ishni uyg‘unlashtirishda katta yordam hisoblanadi.
Tashkiliy jarayonlar va monitoring
- Har yili 1-iyungacha dual ta’lim shaklida talabalarni qabul qiladigan korxonalar ro‘yxati e’lon qilinadi.
- 1-sentabrga qadar korxona, talaba va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida uch tomonlama shartnoma imzolanadi.
- Dual ta’lim jarayonlari va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar doimiy monitoring qilib boriladi.
Qabul qilingan nizom oliy ta’lim muassasalari hamda ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi. Ushbu yangilik ta’lim sifatini oshirish va bitiruvchilarning bandligini ta’minlashga qaratilgan.
Siz dual ta'lim tizimi haqida nimalarni o'ylaysiz? Fikringizni izohlarda yozib qoldiring!

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.