O'zbekiston maktablarida endi "Halollik to'garaklari" faoliyat ko'rsatadi. Bu to'garaklar 1-sinfdan 11-sinfgacha bo'lgan o'quvchilar uchun mo'ljallangan bo'lib, 34 ta mavzudan iborat.
To'garakning asosiy maqsadi – yoshlarda halollik, adolat, vijdonlilik, mas'uliyat va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish. Bu yerda o'quvchilar nafaqat nazariy bilim, balki axloqiy qadriyatlarni hayotda qo'llash ko'nikmalarini ham o'rganadi.
Dastur Vazirlar Mahkamasining tegishli topshirig'i va Oliy Majlis Senati qo'mitasining ko'rsatmalari asosida ishlab chiqilgan. Unda BMTning Korrupsiyaga qarshi ta'lim yo'nalishidagi global tashabbusi – GRACE dasturi talablari ham inobatga olingan. Avvalroq O'zbekistonda ta'lim xizmatlari bozori 14,5 trillion so'mga yetgani haqida xabar bergan edik.
Dastur qanday tuzilgan?
Dastur uch bosqichga ajratilgan: 1-4-sinflar, 5-8-sinflar va 9-11-sinflar. Har bir bosqichda yosh xususiyatlariga mos 34 tadan mavzu bor. Jami 34 soatlik o'quv dasturi haftasiga kamida bir marta o'tkaziladi.
To'garak tarkibi 10 nafardan 20 nafargacha o'quvchini qamrab oladi. Mashg'ulotlar ixtiyoriy asosda tashkil etiladi – o'quvchilarni majburan jalb qilish taqiqlanadi.
O'qituvchilar uchun ham
Dastur nafaqat o'quvchilar, balki maktab direktorlari va pedagoglar uchun ham mo'ljallangan. "Yoshlarda halollikni shakllantirish", "Halollik darslarini tashkil etish metodikasi", "Korrupsiyaning oldini olishda ta'limning o'rni" kabi yo'nalishlarda o'qituvchilarning malakasi oshiriladi. Eslatib o'tamiz, 303 ta "qizil maktab" pedagoglariga 100 foizgacha ustama berilishi ham tasdiqlangandi.
To'garak rahbari maktab direktorining buyrug'i bilan tayinlanadi. Mashg'ulotlar sinf rahbarlari, fan o'qituvchilari va psixologlar hamkorligida tashkil etiladi.
Ijtimoiy himoya
Alohida e'tibor ijtimoiy himoyaga muhtoj o'quvchilarni to'garaklarga keng jalb qilishga qaratiladi. Bu orqali ularning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish va foydali ko'nikmalarni shakllantirish ko'zda tutilgan.
Har o'quv yili boshida to'garaklar faoliyati bo'yicha targ'ibot ishlari olib borilib, ochiq eshiklar kunlari, taqdimotlar va sinov mashg'ulotlari tashkil etiladi.
Reklama

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.