Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning 14–30 yoshdagi a’zolari uchun to‘lov-kontrakt summasining bir qismi “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan qoplab berilishi mumkin. Bunda kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.
Kimlar subsidiya olishi mumkin?
Hukumatning 2022-yil 7-iyundagi 312-son qaroriga ko‘ra, mazkur yordamdan kasbiy ta’lim tashkilotlarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotganlar foydalanishi mumkin. Shuningdek, davlat va nodavlat OTMlar, O‘zbekistondagi xorijiy OTMlar va ularning filiallarida bakalavriat hamda magistraturaning kunduzgi ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotganlar ham murojaat qilishi mumkin.
Reklama
Ariza beruvchi ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilaning 14–30 yoshdagi — ya’ni 14 yoshga kirgan va 31 yoshga to‘lmagan — a’zosi bo‘lishi kerak. Murojaat “Mahalla yettiligi” tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Qanday majburiyatlar bor?
Subsidiya ajratilishi uchun talaba bilan ijtimoiy shartnoma tuziladi. Unga ko‘ra, yordam oluvchi quyidagi majburiyatlarni bajarishi kerak:
- Yordam ajratilgan davrdagi o‘quv semestrida o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi kamida 4 baho bo‘lishi;
- Volontyorlik loyihalarida ishtirok etish;
- 6 oy davomida “Mutolaa” loyihasi doirasida har oyda kamida bitta kitob o‘qish;
- 6 oy davomida “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida xorijiy tillarni o‘rganib, kamida B1 darajaga erishish.
Qanday holatlarda yordam berilmaydi?
Mazkur yordam ikkinchi va undan keyingi mutaxassislik, masofaviy, sirtqi va kechki ta’lim shakllarida, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt (super-kontrakt) asosida tahsil olayotganlarga tatbiq etilmaydi.
Ariza berish uchun istalgan davlat xizmatlari markaziga, my.gov.uz portali yoki Yoshlar yagona elektron platformasi (e-yoshlar.uz) orqali murojaat qilish mumkin. Avvalroq Yoshlar daftaridagi talabalarga kontrakt puli to‘lab berilishi haqida yozgan edik.
InfoEdu.uz orqali ta’limga oid eng muhim yangiliklarni muntazam kuzatib boring.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.