Nodavlat oliygohning filiali bormi yoki yo‘qmi — buni litsenziyadan aniqlash mumkin. Har bir nodavlat oliy ta’lim tashkiloti litsenziyasida faoliyat manzili aniq ko‘rsatilgan bo‘ladi.
Nega manzil litsenziyada ko‘rsatiladi?
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-sonli qarori bilan nodavlat oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya talablari va shartlari tasdiqlangan. Litsenziyada faoliyat manzili ko‘rsatilishining sababi — litsenziya berishdan avval aynan ushbu manzildagi bino va hududning belgilangan talab va shartlarga muvofiqligi o‘rganib chiqiladi. Oliygoh faqatgina mazkur manzilda ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga ega.
Reklama
Qonuniy filiali mavjud universitetlarning litsenziyasida filial manzili ham ko‘rsatib o‘tilgan bo‘ladi.
Qabul ofislari nimani anglatadi?
Ayrim nodavlat oliygohlar fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida boshqa viloyatda ham qabul ofislari faoliyatini yo‘lga qo‘yishi mumkin. Biroq bu holat universitet o‘sha viloyatda ham o‘qitadi, degan ma’noni anglatmaydi.
Agar qaysidir nodavlat universitet vakillari sizga boshqa manzilda filiali borligini ma’lum qilsa, litsenziyadagi faoliyat manzili qismida o‘sha manzil ham ko‘rsatib o‘tilganligini tekshirib ko‘ring. Avvalroq nodavlat oliygohlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida yozgan edik.
InfoEdu.uz orqali ta’limga oid eng muhim yangiliklarni muntazam kuzatib boring.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.