Toshkent shahrida jamoat transportidan foydalanish qulayligi va ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini o'rganish maqsadida aholi o'rtasida so'rovnoma tashkil etilmoqda. So'rovnoma Transport vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda Toshkent shahar transport va yo'l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi hamkorligida o'tkazilmoqda — bu haqda Toshkent shahar transport boshqarmasi ma'lum qildi.
So'rovnomaning maqsadi
- Yo'lovchilarning jamoat transportidan foydalanish tajribasi va fikrlarini o'rganish;
- Mavjud muammolarni aniqlash;
- Transport xizmatlarini yanada takomillashtirish bo'yicha takliflarni shakllantirish.
Kimlar ishtirok etishi mumkin
So'rovnomada Toshkent shahrida tahsil olayotgan talabalar, professor-o'qituvchilar hamda jamoat transportidan muntazam foydalanadigan barcha fuqarolar qatnashishi mumkin. Tashkilotchilar poytaxt aholisini faol ishtirok etib, o'z fikr-mulohazalarini bildirishga chorlamoqda.
So'rovnomada ishtirok etish uchun maxsus shakl ochilgan.
Ko'rsatkichlar fonida
2026/2027-o'quv yili boshlangani munosabati bilan poytaxtda jamoat transportidan foydalanish ko'lami ham yuqori bo'ldi: 15-sentabr kuni Toshkent avtobuslaridan 1,5 milliondan ortiq, 21-sentabr kuni esa metropolitendan 1 million 181 ming 581 nafar yo'lovchi foydalangan — bu avtobus va metro tarixidagi eng yuqori kunlik ko'rsatkich hisoblanadi.
Bu ko'rsatkichlar haqida metropolitendagi rekord va avtobuslardagi kunlik rekord haqidagi materiallarimizda ham yozgan edik.
















