"Yangi O'zbekiston" universitetida davlat oliy ta'lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlashga mo'ljallangan "Rektorlar maktabi" dasturiga hujjatlar qabuli davom etmoqda. Arizalar 2026-yil 10-avgustga qadar qabul qilinadi.
Qabul kvotasi 40 nafar etib belgilangan. Hujjat topshirish uchun "Rektorlar maktabi"ning elektron platformasi rectors.newuu.uz orqali ro'yxatdan o'tish kerak.
Nomzodlarga qanday talablar qo'yiladi?
Reklama
Dasturda ishtirok etish uchun nomzodlar bir qator talablarga javob berishi shart:
- O'zbekiston Respublikasi fuqarosi bo'lish;
- 30 yoshga to'lgan bo'lish;
- kamida magistr darajasiga ega bo'lish;
- oliy ta'lim tizimida kamida 5 yillik ish tajribasi, shundan kamida 2 yil rahbarlik lavozimida faoliyat yuritgan bo'lish.
Rahbarlik tajribasi sifatida rektor, prorektor, direktor, direktor o'rinbosari, dekan, dekan o'rinbosari, kafedra mudiri, boshqarma va bo'lim boshlig'i hamda boshqaruv funksiyalari yuklatilgan boshqa rahbarlik lavozimlaridagi faoliyat hisobga olinadi.
Tanlov qanday bosqichlarda o'tkaziladi?
Nomzodlar "Rektorlar maktabi" dasturiga ochiq tanlov asosida qabul qilinadi. Tanlov 4 bosqichda o'tkaziladi:
- hujjatlarni qabul qilish va o'rganish;
- test sinovlari;
- psixologik baholash;
- yakuniy suhbat.
Test sinovlari qanday o'tadi?
Test sinovlarida o'quv-akademik boshqaruv, moliya-iqtisodiyot, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar, ma'naviyat va ma'rifat, sun'iy intellekt va axborot texnologiyalari hamda ingliz tili yo'nalishlari bo'yicha bilimlar baholanadi.
Test 60 ta savoldan iborat bo'lib, shundan 40 tasi mutaxassislik fanlari, 20 tasi ingliz tiliga oid. Test natijasida 55 balldan yuqori natija qayd etgan nomzodlar keyingi bosqichga o'tadi. Ingliz tilidan B2 yoki undan yuqori darajadagi amaldagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega nomzodlarga ushbu yo'nalish bo'yicha maksimal 20 ball beriladi.
Psixologik baholash va yakuniy suhbat
Psixologik baholashda nomzodlarning psixoemotsional barqarorligi, boshqaruv salohiyati, rivojlanishga tayyorligi va stressga chidamliligi aniqlanadi. Bu bosqichda ham 55 balldan yuqori natija ko'rsatgan nomzodlar suhbatga yo'llanadi.
Yakuniy suhbatda nomzodlarning strategik va tizimli fikrlashi, kommunikativ ko'nikmalari, liderlik salohiyati, qaror qabul qilish qobiliyati, kasbiy bilimlari, o'qishga tayyorligi va motivatsiyasi baholanadi. Avvalroq rektorlar maktabiga qabul tartibi tasdiqlangani haqida yozgan edik.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.