Mustaqillikning 35 yilligiga tayyorgarlik boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mustaqilligimizning 35 yilligini keng nishonlash bo‘yicha qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya asosida g‘oyaviy-badiiy konsepsiya tasdiqlandi.
Mazkur konsepsiyaga asosan, mustaqillikning 35 yilligini mamlakat miqyosida munosib nishonlash uchun chora-tadbirlar dasturlari ishlab chiqiladi hamda ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.
“Mustaqillik to‘yi” festivali o‘tkaziladi
Qarorga ko‘ra, ilm-fan, ta’lim, madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, sportchilar hamda jamoatchilik vakillaridan iborat badiiy-ijodiy guruhlar tuziladi.
Ular ishtirokida aprel–sentabr oylari davomida respublika bo‘ylab keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va ijtimoiy loyihalarni o‘z ichiga olgan “Mustaqillik to‘yi” festivali o‘tkaziladi.
Asosiy bayram tadbiri Toshkentda o‘tkaziladi
Toshkent shahrida o‘tkaziladigan asosiy bayram tadbiriga tayyorgarlik ko‘rishda taniqli ssenarist va rejissyorlar, shoir va yozuvchilar, xonanda va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari hamda iste’dodli yosh ijrochilar jalb etiladi.
“Vatan fidoyilari” monumenti barpo etiladi
Qarorga muvofiq, “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” qiyofasini aks ettiruvchi “Vatan fidoyilari” ramziy monumentining eskiz loyihasi ishlab chiqiladi. Ushbu monumentlar barpo etilayotgan umummilliy birdamlik bog‘larining markaziy qismiga o‘rnatiladi.
Esdalik tangasi va yangi nomlar
Shuningdek:
- “Mustaqillikning 35 yilligi” esdalik oltin tangasi zarb etiladi
- yangi tashkil etilgan mahallalardan biriga ushbu nom beriladi
- temir yo‘l stansiyalaridan biri “Mustaqillikning 35 yilligi” deb nomlanadi










Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.