Kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun ta’lim imkoniyatlari
2024-yil 14-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yo‘li ta’lim ekanligini ta’kidladi. Endilikda kam ta’minlangan oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida oliy ta’lim olish uchun qator yengilliklar joriy etilmoqda.
Oliy ta’lim olishda qanday imtiyozlar bor?
Davlat tomonidan kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun quyidagi sharoitlar yaratiladi:
- Qo‘shimcha grant o‘rinlari ajratiladi;
- Kontrakt to‘lovining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi;
- Foizsiz ta’lim krediti taqdim etiladi.
Mazkur yondashuv har bir oilada kamida bitta farzandning oliy ma’lumotli bo‘lishini maqsad qiladi. Abituriyentlar o‘z tanlovlarini amalga oshirishda kirish ballari yo'nalishlar kesimida ma’lumotlari bilan tanishib chiqishlari tavsiya etiladi.
“Yorqin iste’dod” loyihasi: Xorijda o‘qish imkoniyati
Yana bir muhim tashabbus — “Yorqin iste’dod” dasturi bo‘lib, u ijtimoiy himoyaga muhtoj, iqtidorli yoshlarni dunyoning TOP-100 oliygohlariga o‘qishga yuborishni ko‘zda tutadi. Dastur doirasida:
- Mahallalardagi iqtidorli yoshlar saralab olinadi;
- Ularning bilim va salohiyati baholanadi;
- Xorijiy oliygoh tanlanib, tayyorlov kurslariga jalb etiladi.
Har yili 1 ming nafar yoshning xorijdagi barcha xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi. O‘qishni tamomlab qaytganlar Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilib, davlat tashkilotlariga tanlovsiz ishga qabul qilinadi. Talabalar uchun foydali ma’lumotlarni talabalar uchun ruknimiz orqali kuzatib boring.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, xorijda tahsil olayotgan yoshlarimiz sonining ortishi O‘zbekiston kelajagi uchun yangi ufqlarni ochadi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.