Xotin-qizlar uchun foizsiz taʼlim krediti: 2024-yilgi o‘zgarishlar
Taʼlim sohasidagi so‘nggi yangiliklarga ko‘ra, 2024-yil 27-maydagi PF-82-sonli Prezident Farmoni bilan xotin-qizlar uchun taʼlim krediti ajratish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda ushbu imtiyoz faqat kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan xotin-qizlarga taqdim etiladi.
Kredit kimlarga beriladi?
Ushbu imtiyozli kredit quyidagi muassasalarda o‘qiydigan xotin-qizlar uchun mo‘ljallangan:
- O‘zbekistondagi barcha oliy taʼlim muassasalari (oliygohlar kirish ballari bilan tanishish uchun o‘ting) talabalari;
- O‘rta maxsus va professional taʼlim muassasalari (texnikum, kasb-hunar kolleji) o‘quvchilari.
Eslatma: Ta’lim krediti faqat kunduzgi ta’lim shakli uchun amal qiladi.
Nega foizsiz deyiladi?
Taʼlim krediti rasman 14 foizlik stavkada beriladi, biroq bu foiz qismini talaba emas, balki davlat to‘lab beradi. Bu esa xotin-qizlar uchun kreditni mutlaqo foizsiz holatga keltiradi.
To‘lash tartibi va hujjatlar
Kreditning asosiy qismi o‘qish tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi. Kredit olish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
- Bankka ariza;
- Shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
- Taʼlim muassasasi bilan to‘lov-kontrakt shartnomasi;
- Birgalikda qarz oluvchi sifatida daromadga ega oila aʼzosi yoki boshqa shaxs.
Agar siz talabalar uchun ajratilgan ushbu imtiyozlardan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kirgan oilalar uchun garov va kafilliklar talab qilinmasligini bilishingiz muhim.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.