Nasiya yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash tizimida 2027-yil 1-yanvardan katta o‘zgarishlar kuchga kiradi. Prezidentning PQ-248-son qarori (14.08.2026) bilan muddatli to‘lov xizmatlari alohida tartibga solinadigan bo‘ldi — endi Markaziy bank reyestriga kirmagan tashkilot muddatli to‘lov operatori sifatida ishlay olmaydi.
Xaridorlar uchun 7 ta eng muhim yangilik quyidagicha:
Muddat va qiymat chegarasi
Reklama
- Muddat — ko‘pi bilan 12 oy. Muddatli to‘lov shartnomalarini 18, 24 yoki 36 oyga tuzib bo‘lmaydi (bank kreditlari mustasno).
- Tovar qiymati 250 BHM (110 mln so‘m) dan oshmasligi kerak. 200-300 mln so‘mlik mahsulotlarni muddatli to‘lovga sotib bo‘lmaydi.
- Ko‘chmas mulk muddatli to‘lov obyekti bo‘la olmaydi. Uy-joy va boshqa ko‘chmas mulkni nasiya shaklida sotib bo‘lmaydi (bank kreditlari mustasno).
To‘lovlarda shaffoflik
- Ustama yashirilmaydi. Operator komissiya, ustama va yakuniy narxga qo‘shiladigan har bir to‘lovni shartnomada alohida ko‘rsatishi shart. Masalan, 10 mln so‘mlik telefon yakunda qancha bo‘lishi aniq ko‘rinadi.
- Qo‘shimcha to‘lovlarga chegara. Komissiya, vositachilik haqi, jarima va penyaning jami bir yilda muddatli to‘lov summasining 50 foizidan oshmasligi kerak.
- Qarzni oldinroq yopish bepul. Xaridor qarzni istalgan vaqtda to‘liq yoki qisman muddatidan oldin to‘lashi mumkin — jarima, penya yoki komissiya undirilmaydi.
Kredit tarixiga ta’sir
Muddatli to‘lov intizomi endi kredit tarixiga ta’sir qiladi. Operatorlar mijozni raqamli identifikatsiyadan o‘tkazadi, qarz yukini tekshiradi hamda to‘lov ijrosi haqidagi ma’lumotlarni kredit byurolari bilan almashadi. Ya’ni nasiyaga olingan qarz va uni qanday to‘layotganingiz kredit tarixiga ham ta’sir qilishi mumkin.
Moliyaviy xizmatlar mavzusida avvalroq ta’lim krediti qoidalari haqida yozgan edik. InfoEdu.uz orqali ta’limga oid eng muhim yangiliklarni muntazam kuzatib boring.
















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.