O‘zbekiston nodavlat oliy ta’lim tizimida yirik qabul kampaniyasi start oldi. Joli yilning 1-iyunidan boshlab mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 74 ta xususiy oliy ta’lim muassasasiga 2026/2027-o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli rasman ochildi. Mazkur jarayon sentyabr oyiga qadar davom etadi.
Bugungi kunda xususiy oliygohlar respublikamizda ta’lim qamrovini oshirishda muhim bo‘g‘inga aylandi. Hozirda ushbu 74 ta nodavlat universitetda jami 620 581 nafar talaba tahsil olmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning boshiga nisbatan qariyb 105 ming nafarga ko‘p bo‘lib, xususiy sektorga bo‘lgan qiziqish yuqoriligini ko‘rsatadi.
Qabul kvotalari va qat'iy taqiqlar
Nodavlat OTMlarga qabul kvotalari har bir universitetning moddiy-texnik bazasi, pedagogik salohiyati va o‘quv-dasturiy ta’minoti darajasidan kelib chiqib mustaqil belgilanadi. Biroq bu jarayonda qonuniy cheklovlar mavjud:
- Litsenziya talabi: Davlat akkreditatsiyasidan o‘tmagan ta’lim dasturlari bo‘yicha talaba qabul qilish qat’iyan taqiqlanadi.
- Kvotani muvozanatlash: Kunduzgi ta’lim shakliga qabul qilingan talabalar sonidan kelib chiqib, sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim yo‘nalishlari uchun qabul kvotalari o‘zaro mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Raqamlashtirish: HEMIS va Yagona platforma
Talabalar huquqlarini himoya qilish va firgarlik holatlarining oldini olish maqsadida tizimga bir qator majburiy talablar kiritilgan. Jumladan, barcha xususiy universitetlar HEMIS axborot platformasida faoliyat yuritishi shart. Agar talaba HEMIS bazasiga kiritilmasa, unga oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom rasmiylashtirib berilmaydi.
Shuningdek, moliyaviy shaffoflikni ta’minlash maqsadida kontrakt shartnomalari faqat kontrakt.edu.uz yagona platformasi orqali elektron shaklda tuziladi. Shuni ham aytish joizki, xalq orasida "super-kontrakt" deb ataladigan tabaqalashtirilgan to‘lov-shartnoma miqdorini oliygoh rahbarining o‘zi belgilaydi va bu summa universitetlarning ichki siyosatiga qarab bir-biridan farq qilishi mumkin. Batafsil ma'lumot olish uchun super-kontrakt qoidalari bo‘yicha infoedu.uz sahifasiga o‘tishingiz mumkin.
Kelgusidagi rejalar va moslashuvchan tizim
Hozirgi qoidaga ko‘ra, nodavlat OTMlar yiliga faqat bir marta — iyun-sentyabr oylarida qabul o‘tkazish huquqiga ega. Biroq ayni paytda qonunchilikda abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida qabul jarayonlarini yiliga ikki marta o‘tkazish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Unga ko‘ra, kelgusida kuzgi qabul 15-oktyabrgacha, qishki qabul esa 15-fevralgacha davom etadigan moslashuvchan tizim yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Bu xususiy sektordagi talabalar sonining yanada o‘sishiga xizmat qiladi. Batafsil statistikani infoedu.uz materiallaridan o‘rganish mumkin.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.