Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xorijiy til fanidan dars berayotgan, biroq hali B2 darajadagi til sertifikatiga ega bo‘lmagan pedagoglar uchun qo‘shimcha muddat ajratilishini ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, ushbu toifadagi o‘qituvchilarga 2026/2027-o‘quv yili boshlanguniga qadar tegishli sertifikatni qo‘lga kiritish imkoniyati beriladi.
B2 sertifikati talabi nimaga asoslangan?
Reklama
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi qaroriga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi kerak.
Mazkur talab dastlab 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab to‘liq amal qilishi belgilangan edi. Biroq pedagoglar va jamoatchilik murojaatlari inobatga olinib, uning muddati bir necha bor uzaytirildi.
B2 sertifikati endi malaka talabi sifatida belgilandi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrug‘i bilan xorijiy til fani o‘qituvchilari uchun lavozim malaka tavsiflariga muhim o‘zgartirish kiritildi.
Unga ko‘ra, kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro til sertifikatiga ega bo‘lish xorijiy til o‘qituvchilari uchun asosiy malaka talablaridan biri etib belgilandi.
Pedagoglar uchun bepul tayyorlov kurslari davom etadi
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, o‘qituvchilarning sertifikat imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rishiga ko‘maklashish maqsadida hududlarda malakali mutaxassislar ishtirokida bepul:
- onlayn mashg‘ulotlar;
- oflayn mashg‘ulotlar
tashkil etilgan.
Mazkur kurslar kelgusida ham muntazam davom ettirilishi rejalashtirilgan.
5 mingdan ortiq pedagog sertifikat oldi
Vazirlik keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil sentabr–dekabr oylarida bepul tayyorlov mashg‘ulotlari natijasida 5 ming nafardan ortiq pedagog tegishli til sertifikatini qo‘lga kiritgan.
Hozirgi kunda esa respublika bo‘yicha 39 ming nafardan ortiq xorijiy til o‘qituvchisi B2 yoki unga tenglashtirilgan til sertifikatiga ega.
Sertifikat olish uchun yana imkoniyat beriladi
B2 darajasidagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan pedagoglar 2026/2027-o‘quv yili boshlanguniga qadar ushbu talabni bajarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, bu chora xorijiy til ta’limi sifatini oshirish, o‘quvchilarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashiga xizmat qiladi.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.