To‘lov-kontrakt to‘lash muddati uzaytirildi
Oliy ta’lim muassasalarida o‘qish istagida bo‘lgan yoshlar uchun muhim yangilik: Davlat qabul komissiyasining qaroriga ko‘ra, 2024/2025-o‘quv yilida bakalavriat va magistratura talabalari uchun kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish muddati 1-dekabrga qadar uzaytirildi.
Kimlarga tegishli?
Ushbu muddat quyidagi toifadagi abituriyentlar va talabalar uchun amal qiladi:
- Bazaviy yoki tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan 1-bosqich talabalari;
- PF–213-son Farmoniga muvofiq, qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun ajratilgan qo‘shimcha kvota asosida qabul qilinganlar;
- O‘qishini ko‘chirgan yoki qayta tiklagan talabalar.
To‘lov shartlari qanday?
O‘quv jarayonini davom ettirish uchun quyidagi belgilangan tartibga rioya qilish lozim:
- Qabul parametrlari doirasida o‘qishga tavsiya etilganlar bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining kamida 25 foizini to‘lashlari kerak.
- Tabaqalashtirilgan (super) to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni xohlovchilar yillik to‘lovning kamida 50 foizini to‘lashlari talab etiladi.
Eslatma: Ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalari uchun to‘lov muddatini uzaytirish masalasi bevosita oliygoh rahbariyati vakolatiga kiradi. Qo‘shimcha ma'lumotlar va talabalar uchun foydali resurslarni infoedu.uz saytidan olishingiz mumkin.

















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.