Oliy ta’lim muassasalariga kirishda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi tubdan takomillashtirilgan. Xususan, jami davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha 4 foizli ajratilgan grant kvotasi xotin-qizlarning sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda. Mazkur imtiyoz faqatgina bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli hamda ro‘yxatdan o‘tishda tanlangan birinchi yo‘nalish uchun amal qiladi.
Qo‘shimcha grant kimlarga beriladi?
Ushbu maxsus kvota asosida talaba bo‘lish baxtiga barcha xotin-qizlar ham da’vogarlik qila olmaydi. Hujjatga muvofiq, imtiyoz quyidagi toifalarga beriladi:
Reklama
- Kam ta’minlangan yoki shaxsiy uy-joyiga ega bo‘lmay, ijarada yashayotgan oilalar farzandlari;
- Ota yoki onasi vafot etgan hamda to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan qizlar;
- 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq farzandni tarbiyalayotgan yolg‘iz ayollarning qizlari;
- Ota-onasi ishsiz bo‘lgan va Bandlikka ko‘maklashish markazlarida rasman ro‘yxatda turgan oilalar vakillari;
- Tarkibida nogironligi bo‘lgan farzandi bor oilalardan chiqqan xotin-qizlar;
- Oliy ta’lim bilan qamrab olinish darajasi past bo‘lgan hududlarda istiqomat qilayotgan qizlar (bunda o‘qishni tugatgach, o‘sha hududda 3 yil ishlab berish majburiyati yuklanadi).
Kerakli hujjatlar va ularni topshirish tartibi
Imtiyozga da’vogar arizachilar tegishli tuman (shahar) Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga quyidagi hujjatlar paketini taqdim etishlari shart:
- Tuman (shahar) bo‘limi boshlig‘i nomiga yozilgan rasmiy ariza;
- Yuqorida keltirilgan ijtimoiy toifalardan birini tasdiqlovchi va grant olishga asos bo‘luvchi hujjatlar;
- Talabgorning shaxsiy ma’lumotnomasi va obektivkasi;
- Maktab, litsey yoki kollejni tugatganlikni tasdiqlovchi hujjat (diplom yoki attestat) nusxasi;
- Fuqarolik pasporti yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi.
Hujjatlarni topshirishdan avval o‘tgan yillardagi kirish ballari yo‘nalishlar kesimida qanday bo‘lganini tahlil qilish, shuningdek, umumiy abituriyentlar uchun tayyorlangan maxsus tavsiyalar bilan tanishish maqsadga muvofiqdir.
Tanlov va o‘tish shartlari
Tumanlar tomonidan beriladigan tavsiyanomalar soni cheklanmagan bo‘lsa-da, respublika bo‘yicha ajratilgan yakuniy qo‘shimcha kvota soni aniq belgilangan.
Tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar barcha abituriyentlar qatori umumiy tartibda davlat test sinovlarida (DTM) ishtirok etishadi. Imtiyozli grant asosida talabalikka tavsiya etilish uchun esa test sinovlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning kamida 30 foizini qayd etish talab etiladi.
















Izohlar (0)
Izoh yozish uchun tizimga kiring.